Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani Taxtaqoracha dovonidagi yer maydonlarida quruq o‘t yonib ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 4 iyul kuni soat 12:08 da boshqarmaga Qashqadaryo viloyati Kitob tumani “Qaynar” MFY hududidagi qir adirliklarida quruq o‘t yonayotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra, 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borgan hamda yong‘inni bartaraf etish ishlarini boshlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘in kuchli bo‘lib, osmonni tutun qoplaganini ko‘rish mumkin.
Qayd etilishicha, ushbu yong‘in Taxtaqoracha dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘liga xavf solmagan. Dovonda ikki tomonlama avtomobillar harakati davom etmoqda.
«Kitob tumani „Qaynar“ MFY qir adirligida sodir bo‘lgan yong‘in o‘rab olingan. Hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Yong‘in ko‘lami qisqarib bormoqda. Aholi punktlari hamda Taxtaqoracha dovonidan o‘tgan avtomobil yo‘liga yong‘in xavfi mavjud emas», – deyilgan vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70422 | Инструменты