O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Pokistondagi O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida tadbirkorlar delegatsiyasining Karachi portiga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.
Tashrifning asosiy maqsadi — o‘zbek mahsulotlarini va brendlarini xalqaro bozorlarga chiqarishda Karachi porti orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirish, logistika sharoitlarini yaxshilash va yangi hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Karachi porti — Pokistonning eng yirik dengiz porti va Janubiy Osiyodagi asosiy logistika markazi. U orqali millionlab tonna yuk Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika bozorlariga yetkaziladi. Shu jihatdan, port O‘zbekiston uchun muhim strategik ahamiyatga ega.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi port maʼmuriyati va logistika kompaniyalari bilan uchrashib, infratuzilma, bojxona, tranzit va yuk tashish tartiblari bo‘yicha aniq maʼlumotlar oldi. Port rahbariyati o‘zbek mahsulotlarini qabul qilish va qayta yuklash uchun barcha sharoitlar mavjudligini taʼkidladi.
Muzokaralarda O‘zbekiston tovarlari uchun port hududida maxsus ombor tashkil etish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus:
- mahsulotlarni vaqtincha saqlash va jo‘natishni yengillashtiradi,
- tranzit jarayonlarini soddalashtiradi,
- logistika xarajatlarini kamaytiradi,
- xalqaro bozorlarga chiqishni jadallashtiradi.
Port maʼmuriyati to‘qimachilik, meva-sabzavot, charm, kimyo va qurilish materiallariga yuqori qiziqish bildirib, ularning xalqaro raqobatbardoshligini qayd etdi.
Shuningdek, tadbirkorlarga konteyner parki, raqamlashtirilgan bojxona va yuk kuzatuv tizimlari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Karachi portiga tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, O‘zbekiston tovarlari uchun yangi eksport yo‘llarini ochishda muhim qadam bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi bu yo‘nalishda amaliy ishlar boshlanganini maʼlum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70500 | Инструменты