Huawei 1
O‘zbekiston va SOCAR Ustyurt platosida mahsulotni taqsimlash to‘g‘risida kelishuv imzoladi

2025 yil 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.

Ushbu Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uzoqni ko‘ra bilishi va qatʼiyatining yorqin dalilidir. Ularning siyosiy irodasi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga bo‘lgan shaxsiy intilishi mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkon berdi. Bitimning imzolanishi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi hamda uglevodorod resurslarini qidirish va o‘zlashtirish sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.

Bitim shartlariga muvofiq, 1,0 ming kvadrat kilometrdan kam bo‘lmagan maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish va natijalarga ko‘ra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari topilgan taqdirda, tomonlar ularni o‘zlashtirish va keyinchalik qazib olish bosqichiga kirishadilar.

Rovshan Nadjaf, SOCAR kompaniyasi prezidenti:

“Ushbu Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasida energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyamizning tasdig‘idir. SOCAR to‘plangan boy tajriba va ilg‘or texnologik yechimlarni qo‘llagan holda loyihani amalga oshirishga ishtiyoq bilan kirishmoqda. Ishonchimiz komilki, bu hamkorlik O‘zbekistonning energetika xavfsizligini taʼminlash va infratuzilmasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shadi”.

Jo‘rabek Mirzamahmudov, O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri:

“SOCAR bilan hamkorlik Yangi O‘zbekistonning investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish va eng ilg‘or xalqaro amaliyotlarni tadbiq etishga bo‘lgan strategik intilishini aks ettiradi. Ustyurt hududi yuqori istiqbolga ega va mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim (MTB)ning imzolanishi uning samarali rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Ushbu loyiha texnologik taraqqiyot va iqtisodiy o‘sishning muhim omili bo‘lishiga ishonamiz”.

Bahodirjon Siddiqov, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi:

“Ushbu bitim soha hamkorligini chuqurlashtirish va milliy neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro hamkorlik va yirik investitsiyalarga ochiq bo‘lgan ishonchli va innovatsion yo‘naltirilgan hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi”.

Mahsulot taqsimoti to‘g‘risida Bitim (MTB)

Mahsulot taqsimoti to‘g‘risida Bitim (MTB) davlat va investor o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarning alohida shakli bo‘lib, bunda investor neft-gaz operatsiyalari, shu jumladan geologik-qidiruv ishlarini o‘tkazish, o‘zlashtirish va uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirishda mutlaq huquqqa ega bo‘ladi.

Sarmoyador sarflangan xarajatlarni qazib olingan resurslarning bir qismi (kompensatsiya mahsuloti deb ataladigan) hisobidan qoplaydi, qolgan daromadli mahsulot esa tomonlar o‘rtasida kelishilgan ulushlarda taqsimlanadi. Bunday model xavflar va daromadlarning adolatli taqsimlanishini taʼminlaydi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytiradi va ilg‘or texnologiyalarni mamlakatga kirib kelishiga yordam beradi.

SOCAR kompaniyasi haqida

SOCAR (State Oil Company of the Azerbaijan Republic) – Ozarbayjon Respublikasining milliy neft va gaz kompaniyasi bo‘lib, u to‘liq ishlab chiqarish jarayonini amalga oshiradi: qidirish va qazib chiqarishdan tortib qayta ishlash hamda neft gaz mahsulotlarini tashish va sotishgacha. Kompaniya Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi strategik loyihalarda ishtirok etib, xalqaro faoliyatini faol rivojlantirmoqda. SOCAR yuqori darajadagi korporativ masʼuliyatga ega, texnologik jihatdan ilg‘or va ishonchli hamkor sifatida o‘zini namoyon qilgan.

“O‘zbekneftgaz» AJ haqida

“O‘zbekneftgaz” AJ O‘zbekiston Respublikasining eng yirik davlat energetika kompaniyasi bo‘lib, neft va gaz sohasidagi to‘liq jarayonlarni o‘z ichiga olgan loyihalarni amalga oshiradi: geologiya-qidiruv ishlari, burg‘ilash, qazib chiqarish va qayta ishlashdan tortib, neft, gaz va gaz-kimyo mahsulotlarini tashish va sotishgacha. Kompaniya hissasiga mamlakatdagi umumiy tabiiy gaz qazib olish hajmining 60 foizdan ortig‘i to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston doimiy ravishda dunyodagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilar qatoridan o‘rin olib kelmoqda. “O‘zbekneftgaz” AJ ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, xalqaro loyihalarni amalga oshirish va barqaror eksport va investitsiya strategiyasiga ega yuqori samarali integratsiyalashgan energetika kompaniyasi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga asosiy eʼtiborni qaratib kelmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81614 | Инструменты