Hukumat qarori (792-son, 16.12.2025 y.) bilan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, quyidagilar vakolatli organlarning davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va samaradorligini aholi tomonidan baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi:
▪️ xizmat ko‘rsatish sifati;
▪️ xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilgani;
▪️ xizmatdan foydalanish imkoniyati.
Baholovchi davlat xizmatidan foydalanganidan so‘ng maxsus QR-kodni skaner qilib, belgilangan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha o‘z bahosi va fikrlarini qoldiradi.
Qoldirilgan 3 yoki undan past baho hamda salbiy fikrlar davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida vakolatli organlar hamda Adliya vazirligiga avtomatik yuboriladi.
Bunda mazkur holatlarga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf qilish choralari ko‘riladi.
Baholash natijalari yaxshilanishiga erishilmaganda, Adliya vazirligi tomonidan masʼul xodimlarni davlat xizmatlari ko‘rsatishdan chetlashtirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.
Baholash natijalariga ko‘ra davr, vakolatli organ va hududlar (viloyatlar va tuman (shahar) kesimida reyting shakllantirilib, har chorak, yarim yil va yil yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar YAIDXPda eʼlon qilib boriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121713 | Инструменты