Soliq qo‘mitasi fuqarolarning elektron pochtalariga soliq qarzi mavjudligi va uni to‘lash zarurligi haqidagi xabarlarni firibgarlar yuborayotganidan ogohlantirdi.
“Fuqarolarning elektron pochtalariga soliq qarzi mavjudligi va uni to‘lash zarurligi haqida xabarnomalar kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi nomidan yuborilgan ushbu xatlar firibgarlikning bir ko‘rinishi ekanligi va soliq xizmatiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, soliq organlari soliq to‘lovchilarga elektron hujjatlarni faqat my.soliq.uz va my3.soliq.uz portalidagi shaxsiy kabinet orqali yuboradi.
Qayd etilishicha, hisoblangan soliqlar va qarzdorlik haqidagi barcha ma’lumotlar real vaqt rejimida shaxsiy kabinetda va Soliq mobil ilovasida mavjud.
Shuningdek, qo‘mita agar savollar yuzaga kelsa, soliq to‘lovchilar o‘zlariga biriktirilgan soliq inspektoriga murojaat qilishlari mumkinligi haqida ham qo‘shimcha qilgan.
“Tasdiqlanmagan ma’lumotlar, shubhali havolalar, yuklamalar va ilova fayllaridan saqlaning!” deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51519 | Инструменты