Huawei 1
Termizda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

2025 yil 19–21 may kunlari Termiz shahrida "Tinchlik, do‘stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Tashkilotchilar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.

Forum Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 200 ga yaqin vakillarni bir yerga jamlaydi. Ular orasida siyosiy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, moliya institutlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar aʼzolari, shuningdek, dunyoning turli tahliliy hamda ilmiy-tadqiqot markazlarining nufuzli ekspertlari bor.

Muloqotdan asosiy maqsad – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surish uchun ko‘p tomonlama munozara maydonini shakllantirish.

Forum ishtirokchilari Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qiladilar. Asosiy eʼtibor xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni taʼminlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalariga qaratiladi.

Forum yakunlari bo‘yicha kutilayotgan asosiy natijalardan biri, bu – Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqiruvchi Kommyunike qabul qilinishi hisoblanadi.

Termiz muloqoti mintaqalararo bog‘liqlikni yana-da rivojlantirish, keng Yevrosiyo qitʼasida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy platforma vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi "Termiz xalqaro savdo markazi” hududida o‘tkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51518 | Инструменты