Bugun, 15-may — butun dunyoda Xalqaro iqlim kuni hisoblanadi. Iqlim muammosi ilk bor jahon miqyosida 1992-yilda – Rio-de-Janeyroda bo'lib o'tgan Yer sammitida muhokama qilingan.
Mazkur sammitda 180 dan ortiq davlat vakillari iqlim jarayonlariga insonlar tomonidan salbiy ta'sir ko‘rsatilishining oldini olish maqsadida BMTning Iqlim o'zgarishi bo'yicha doiraviy konvensiyasini (UNFCCC) imzolagan.
Ta'kidlash joizki, iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda global ekologik muammoga aylanib ulgurdi. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida so‘nggi 30 yilda harorat 1,5 darajaga ko‘tarildi, bu esa global o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Bundan tashqari, so‘nggi 50-60 yil ichida iqlim o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyodagi muzliklar yuzasining 30 foizga qisqarishi muzliklarning chekinishi, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va tabiiy ofatlar xavfining ortishi kabi jiddiy oqibatlar bilan birga kechmoqda.
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Xususan, Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Bokuda bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP 29) Parij bitimi doirasidagi bosh maqsadimiz – mintaqada havo haroratining jadal o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik va joriy yuz yillikda 1,5-2 gradus atrofida saqlab qolish ekanligini ta'kidladi.
Yurtimizda 2030-yilgacha havoga issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga kamaytirish va bu majburiyatni 2050-yilga qadar yanada kengaytirish, “Yashil” energetika ulushini 40 foizgacha oshirish maqsad qilingan. Bundan tashqari, elektromobil va “yashil” vodorod klasterlari, quyosh va shamol generatsiya xablari yaratilmoqda, “Yashil makon” dasturi doirasida ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirilmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning 4–5-aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Iqlim forumi ham iqlim muammolariga samarali yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51519 | Инструменты