O‘zbekiston va Hindiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zolik doirasida bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi. Tomonlar muzokaralar natijalarini mustahkamlovchi protokolni imzoladi.
Bu haqda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bozorga kirish masalalari bo‘yicha kelishuvga 2024 yilda erishilgan bo‘lsa-da, protokol matnini muvofiqlashtirish va texnik tekshiruv jarayonlari ma’lum vaqt talab qildi.
Azizbek Urunov Hindiston tomoni muzokaralarning mazmunan qismida konstruktiv yondashuv namoyish etganini ta’kidlab, mamlakat rahbariyati va mutasaddilariga O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, u O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev hamda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning protokol imzolanishidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Ma’lum qilinishicha, imzolangan protokolning asl nusxalaridan biri yaqin vaqt ichida Jahon savdo tashkiloti kotibiyatiga taqdim etiladi va O‘zbekistonning a’zolik bo‘yicha hujjatlari paketiga kiritiladi.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayonidagi muhim bosqichlardan biri sifatida baholanmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52921 | Инструменты