O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tadqiqotchilari tomonidan buyuk temuriy hukmdor va shoir, fan va madaniyat homiysi Sulton Husayn Boyqaroning suvrati aks etgan yana bir miniatyura aniqlandi.
U ayni paytda AQSHning Vashington shahridagi Osiyo san’ati Milliy muzeyida № LTS1995.2.26 inventar raqami ostida saqlanmoqda. Miniatyura shartli ravishda “Husayn Boyqaroning toj kiyish marosimi” deb nomlanadi. Mazkur asar Mansur Musavvir tomonidan 1469-yilda chizilgani taxmin qilinmoqda.
Musavvirlar o‘z davrining madaniyat homiysi sifatida Husayn Boyqaro shaxsiga katta hurmat bilan qaraganlar va qo‘lyozmalarda uning suvratlarini kiritishga, portretlarini yaratishga harakat qilishgan. Bugungi kunda Husayn Boyqaroning suvrati aks etgan miniatyuralar dunyoning qator mamlakatlarida saqlanmoqda.
Mazkur suvrat Husayn Boyqaroning Xuroson mulkining qonuniy hukmdori sifatida saltanat taxtiga o‘tirish jarayonini aks ettiradi. Hukmdorga toj kiydirish o‘sha davrning barcha rasm-rusumlari, qonun-qoidalariga asosan amalga oshiriladi. Uning nomi juma namozida xutbaga qo‘shib o‘qiladi. Buyuk o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiy, o‘z davrining buyuk allomasi Abdurrahmon Jomiy ham Husayn Boyqaroni bu olamshumul g‘alaba bilan samimiy muborakbod etadilar. Mazkur miniatyurada ular qatorida yigirmaga yaqin mulozimlar, saroy a’yonlar, shoir va mutafakkirlar, xizmatkorlar tavsirlanganini ko‘ramiz.
Chamasi bu miniatyurada hukmdor hali taxtga o‘tirishga ulgurmagan, shohsupada o‘tirib, ana shu jarayonga hozirlik ko‘rmoqda. Miniatyuradagi shohsupa tepasida «La ilaha illollohu Muhammadur Rosululloh» (Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad Uning rasulidir) kalimasi hamda Husayn Boyqaroni sharaflovchi quyidagi ikki misra forscha she’r bitilgan:
Ey toju taxtro ba vujudi tu iftixor,
Sulton Husayn Shohi javonbaxtu komkor.
(Ya’ni, ey yosh va saodatli, qudratli podshoh Sulton Husayn, toju taxt ham sening vujuding bilan faxrlanadi)
Miniatyuraning o‘ng burchagidagi imorat peshtoqida ham arab tilida “Ushbu oliy imorat buyuk qahramon va hukmdor.... hukmdorligi davrida....” qabilidagi chala ma’lumot bitilgan. Chamasa matnning boshi va oxiri devorning yon tomonlariga bitilgani uchun ma’no tugal anglashilmagan.
Taxtda sipo kiyimda yosh hukmdor o‘tiribdi. Uning o‘ng tomonida, qo‘lida ochilgan kitobni tutib turgan mo‘ysafid o‘z davrining yetuk allomasi Abdurrahmon Jomiy bo‘lishi mumkin. Chunki, ma’lumotlarga ko‘ra bu paytda 55 yoshlardagi Jomiy Hirotda bo‘lgan va taxt tepasiga yangi hukmdor kelishini xushnudlik bilan qarshilagan. Suratda Jomiy Sulton Husayn Boyqaro bilan yonma-yon tasvirlangani shoirning hukmdor nazdidagi mavqei qanchalik yuqori bo‘lganidan darak beradi.
Yeng ichidagi qo‘llarini qovushtirib shohsupaga boshqalardan ko‘ra yaqinroqda turgan, qoramtir yaktak kiyigan, oq salla o‘ragan 30 yoshlardagi yigit Alisher Navoiyga o‘xshaydi. Navoiy qadrdon do‘sti Sulton Husayn Boyqaroning g‘alabasidan xabar topib, o‘sha kunlarda Samarqanddan Hirotga yetib borgan, hukmdorga atab, “Hiloliya” qasidasini bitgan edi. Unda shunday misralar bor:
Shoh Abulg‘oziy saodat axtari Sulton Husayn
Kim, quyoshni zarra der ko‘rgan sipehri hashmatin,
Hukmdorning chap tomonida yosh shahzoda Badiuzzamon Mirzo o‘tiribdi. Shu paytda Sulton Husaynning to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon 11-12 yoshlar atrofida bo‘lgan. Uning yuzlari otasiga nihoyatda o‘xshash ko‘rinishda tasvirlangan. Badiuzzamonning boshidagi ramziy toj uning valiahd shahzoda ekanidan darak beradi.
Ikki xizmatkor saltanat timsollari bo‘lgan oltin toj va soyabonni qo‘llarida ushlab olishgan. Marosimda Sulton Husayn Boyqaroning buyuk mutafakkirlar davrasida, qo‘lida kitob bilan turgani u hukmdorligining ilk kunlaridanoq ilm-ma’rifatga katta e’tibor qaratganidan dalolatdir. Darhaqiqat, sulton umrining so‘ngiga qadar ilm-ma’rifat, san’at va adabiyotga homiylik qilgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Yozma manbalarda, Sulton Abusaid Mirzo davrida Mansur Musavvir ismli rassom yashab, ijod etgani qayd qilingan. Yangi topilgan miniatyura ushbu san’atkor qalamiga mansub ekanligi bilan ham qimmatlidir.
Ayni paytga qadar dunyoning turli muzeylari va kutubxonalarida Sulton Husayn Boyqaroning turli holatlari aks ettirilgan o‘nga yaqin miniatyuralar aniqlangan. Mazkur yangi miniatyura ham mumtoz adabiyotimiz tadqiqotchilari, tarixchi va san’atshunos olimlarimiz tomonidan chuqurroq o‘rganilsa, yangi-yangi tafsilotlar, ilmiy topilmalar yuzaga chiqishi mumkin.
Eslatib o'tamiz, 2017-yilda Butunjahon jamiyati tomnidan Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanayotgan “Devoniy Husayniy” qo‘lyozmasining faksimile nusxasi hamda uning joriy alifbodagi matni chop etilgan edi. Mazkur nashrdan Husayn Boyqaroning avval e’lon qilinmagan o‘ndan ortiq baytlari o‘rin olgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110314 | Инструменты