Tibbiy yordam so‘rab jami 19 kishi murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 17 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasining qayd etishicha, barcha bemorlarning ahvoli hozirda barqaror va ularga zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Toshkent shahridagi Do’stlik Cup 2026 xalqaro yosh bolalar futbol turnirida ishtirok etish uchun Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidan kelgan sportchilar ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1-noyabr kuni elchixonaga festival ishtirokchilarining sog‘lig‘i yomonlashgani haqida ma’lumot tushgan. Shundan so‘ng konsul Saken Perdebekov zudlik bilan 5-sonli shahar klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borgan.
Tibbiy yordam so‘rab jami 19 kishi murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 17 nafari kasalxonaga yotqizilgan. Diplomatik vakolatxonaning qayd etishicha, barcha bemorlarning ahvoli hozirda barqaror va ularga zarur muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Qozog‘iston elchisi vakillari bemorlar holidan xabar olgan va ularning ota-onalari bilan uchrashgan. Zaharlanish sabablari va davolash jarayoni ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ullari tomonidan nazoratga olingan.
Davolash jarayoniga Toshkent tibbiyot akademiyasi professorlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari jalb etilgan.
3-noyabr kuni musobaqaning Instagram sahifasida yuz bergan hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berilib, jamoalar va ota-onalardan uzr so‘raldi. Tashkilotchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, holat ular 4 yildan ortiq vaqtdan buyon hamkorlik qilib kelayotgan mehmonxonada sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bolalar dastlab Uchtepa tumanidagi shifoxonaga olib borilgan, so‘ng kechqurun shahar klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazilgan.
“Ko‘pchilik rasmiy munosabatni vaqtliroq kutganini tushunamiz. Murojaat ushlanib qolgani uchun uzr so‘raymiz, bu vaqt davomida butun diqqat-e’tiborimizni bolalarning salomatligi, tibbiy yordamni tashkillashtirish va yuzaga kelgan masalalarni hal etishga qaratdik. Eng avvalo, butun jamoamiz nomidan samimiy afsusda ekanimizni bildiramiz. Gap biz to‘rt yildan ortiq vaqt davomida hamkorlik qilib kelayotgan mehmonxona haqida bormoqda. Biz bir chetda qarab turmoqchi emasmiz, barcha zarur choralarni ko‘ryapmiz, sodir bo‘lgan voqeaga oydinlik kiritish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilmoqdamiz”, — deyiladi tashkilotchilar xabarida.
Tashkilotchilar, shuningdek, bemor bolalarning ahvoli yaxshilangach, ularni samolyotda uylariga xavfsiz qaytarishni tashkillashtirayotgani va vaziyat sabab musobaqaning birinchi bosqichi taqdirlash marosimi bekor qilinib, ikkinchi bosqichni ko‘chirish yoki bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110314 | Инструменты