Huawei 1
O‘zbekiston ilk bor mundialga chiqdi

JCh-2026 saralashi. 3-bosqich
A guruhi. 9-tur
BAA — O‘zbekiston 0:0

5 iyun. Abu-Dabi. «An Nahyon» stadioni
BAA — Eysa, Xolid Ibrohim, Lukas Pimenta, Kuame Kuadio, Meloni, Majid Hasan (Yahyo Nodir, 86), Abdalla Ramadan, Luan Pereyra (Kayo Kanedo, 77), Fabio Lima (Harib Suhayl, 77), Ali Solih (Yahyo Al Gassani, 62), Kayo Lukas.
O‘zbekiston — O‘tkir Yusupov, Hojiakbar Alijonov, Husniddin Aliqulov, Abduqodir Husanov, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev (Sherzod Nasrullayev, 65), Odil Hamrobekov (Abdurauf Bo‘riyev, 86), Otabek Shukurov, Oston O‘runov (Abbos Fayzullayev, 13), Jaloliddin Masharipov (Hojimat Erkinov, 86), Eldor Shomurodov.
Ogohlantirishlar: Husniddin Aliqulov (55), Lukas Kayo (74).

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida o‘ynaydigan bo‘ldi. Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa guruhdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi bo‘lgan BAAga qarshi safar o‘yinida strategik durangga erishib, muddatidan oldin JCh-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Kapadze hal qiluvchi o‘yin uchun maksimal darajada ehtiyotkor sxema (5-4-1) tanladi va ko‘proq himoyaviy futbolchilarni tushirdi. Ammo 11-daqiqadayoq uning rejalari o‘zgarib ketdi, Oston O‘runovning eski jarohati o‘zini eslatdi va futbolchi o‘yinni davom ettira olmadi. Uning o‘rniga Abbos Fayzullayev maydonga tushdi.

Birinchi bo‘limning birinchi yarmida O‘zbekiston futbolchilari to‘pni raqibga topshirgan holda xotirjam himoyalanishdi. Bu oraliqda mezbonlarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 70 foizgacha chiqdi, ammo bu yuzaki ustunlik edi. BAA futbolchilari bu ustunlikni raqib darvozasi atrofidagi xavfli vaziyatlarga aylantira olmadi. Safida birdaniga besh nafar brazil borligiga qaramay, jamoaga tezlik ham, kreativ ham yetishmadi. O‘zbekiston vakillari mohirlik bilan o‘yin sur’atini tushirishdi, darvozabon Yusupov esa kerak bo‘lganda vaqt cho‘zishdan tortinmadi.

Faqat o‘yinning yarim soati ortda qolganida nisbatan xavfli vaziyat yuzaga keldi – Fayzullayev chap qanotda dribling ishlatib, raqibning ikki futbolchisidan qochib ketdi va to‘pni jarima maydoni markaziga yetib kelgan Shomurodov tomon oshirdi. Ammo hujumchi to‘pga zarba berolmadi, bu vaziyatda Eldorni biroz turtishgandi, ammo bu yakkakurash deb baholanib, penalti ehtimoli ko‘rib chiqilmadi. Shundan keyin O‘zbekiston tashabbusni qo‘lga oldi va raqibni to‘psiz qiynay boshladi.

Bu vaqtgacha ikki jamoa futbolchilari jarima maydonlarida jami ikki martadan to‘pga tegingandi. Tanaffusga qadar esa raqiblar darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birgina zarba bilan cheklandi – mezbonlar ijrosida. Bo‘lim zerikarli o‘tdi. Lekin o‘yin 45-daqiqadagi epizoddan keyin jonlanib ketishi ham mumkin edi, o‘shanda mezbonlar darvozaboni Eysa jarima maydoni ichida Shomurodovning oyog‘iga zarba berdi, ammo avstraliyalik hakam Evans bu safar ham BAA muxlislarini xursand qiladigan qaror chiqardi.

Tanaffusdan keyin BAA ochildi – jamoaning yo‘qotadigan narsasi qolmagandi. Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar chinakamiga xavfli vaziyat yaratishdi, ammo Luan Pereyraning zarbasidan keyin to‘p Yusupovning qo‘liga borib tushdi. Bu vaziyatda Husanov bo‘sh harakat qilib, ofsayd chizig‘ini ushlashda xatoga yo‘l qo‘ydi.

Boshqa tomondan, O‘zbekistonda qarshi hujumlar uchun katta bo‘shliqlar yuzaga kela boshladi. Ko‘p o‘tmay Fayzullayev superimkoniyatga ega bo‘ldi. «Paxtakor»ning o‘ng qanot laterali Husniddin Alijonov o‘ziga xos reyd uyushtirib, qarama-qarshi qanotdagi sherigiga to‘pni yetkazib berdi. Fayzullayev ikkinchi qavatdan zarba berdi, ammo to‘p to‘singa tegdi.

Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda ham O‘zbekiston o‘yinning borishini nazorat qildi. Shunga qaramay, birgina xato barchasini yo‘qqa chiqarishi mumkin edi. Masalan, 70-daqiqada jarima maydoniga markazdan kirib kelish hududi ochiq qoldirildi va  Limada to‘pni erkin qabul qilib, o‘girilib, darvoza tomon zarba berishga yetarlicha vaqt bo‘ldi. Zarba murakkab chiqdi va gazonga cho‘pchib keldi, ammo Yusupov o‘z mahoratini namoyish etib, yana bir bor jamoani qutqardi.

O‘yin yakunlangani sari – asablar jangi boshlandi. BAA vakillari bosim uyushtirdi, O‘zbekiston butun jamoa bo‘lib chuqur himoyaga yotdi va qarshi hujumlarga chiqib ham o‘tirmadi. Mehmonlar o‘yinni raqib darvozasiga birorta zarbasiz yakunladi. Eng yaxshi holatlarda Fayzullayev va boshqa  futbolchilar maydonning ikkinchi qismida fol ishlashga erishib, vaqtdan yutishdi. Hakam yakunda sakkiz daqiqa qo‘shib berdi va bu daqiqalar ham O‘zbekiston vakillari uchun haqiqiy sinovga aylandi. BAA qo‘shimcha daqiqalarda ham bitta xavfli vaziyat yaratdi, ammo Yusupov yana qutqardi.

O‘yinda hisob ochilmay qoldi va bu durang evaziga qo‘lga kiritilgan bir ochko bilan O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni 18 taga yetdi. Natijada A guruhidagi ikkinchi o‘rin kafolatlandi - uchinchi o‘rindagi BAA hisobida 14 ochko bor va bu jamoa endi oxirgi turdagi natijalardan qat’i nazar O‘zbekistonga yeta olmaydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi 8-urinishda jahon chempionatiga chiqishni uddaladi. Temur Kapadze shogirdlari endi 2026 yilda AQSh, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan mundialda ishtirok etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81605 | Инструменты