Huawei 1
2023-yil uchun O’zbekiston Davlat budjeti tasdiqlandi

Kuni kecha, 30-dekabr kuni prezident “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan 2023-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarining belgilangan miqdorlari Qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:

respublika byudjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;

3 foizdan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston nomidan va O‘zbekistonning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.

2023-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.

Qonunga ko‘ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar byudjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

- jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;

- jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;

- mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, YATTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;

- noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o'tamiz, joriy yil 19-dekabr kuni ham “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilingandi. Ammo prezident 24-dekabr kuni “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon va uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Unga ko'ra, O'zbekistonda vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilishi, 20 ta idora to‘liq tugatilishi belgilandi. Shuningdek, barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartirilishi, amaldagi 8 nafar Bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir o‘rinbosari qoldirilishi e'lon qilindi. 

Shu sabab kelasi yil uchun davlat budjeti qayta ko'rib chiqilib, boshqattan imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81614 | Инструменты