Huawei 1
O'zbekistonda vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartiriladi, 20 ta idora to‘liq tugatiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida hozirgi kunda davlat apparatida takrorlanish ko‘pligi, keraksiz shtatlar borligi, markazlashuv yuqoriligini, oqibatda bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanayotganini qayd etgan edi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish, hukumat, vazirliklar va hokimliklarning ish faoliyatini tubdan isloh qilish, ular faoliyatining mezoni sifatida faqat va faqat odamlarni rozi qilishni belgilash maqsadida keng ko‘lamli maʼmuriy islohotlarni ilgari surgan edi.

Uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan va chuqur tahlil qilingan ushbu islohotlarni hayotga joriy etish maqsadida davlat rahbari tomonidan mamlakatimiz hayotida tarixiy ahamiyatga ega hujjat – “Yangi O‘zbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon va uning ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qaror imzolandi.

Yangi farmon va qaror bilan nimalar o‘zgaradi?

1. Eng avvalo, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

- Hukumatga bo‘ysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilmoqda. Bunda, 20 ta idora to‘liq tugatilmoqda;

- barcha vazirliklarning shtatlari 30 foizgacha qisqartiriladi;

- ilg‘or xorijiy tajribalar asosida davlat boshqaruvi idoralari faqat vazirlik, qo‘mita, agentlik va inspeksiyadan iborat bo‘ladi. Bunda, vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul bo‘lib, tarmoqqa kiruvchi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.

2. Hukumatda amaldagi 8 nafar Bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir o‘rinbosari qoldirilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamaydi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarmaydi.

Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida amaldagi 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi. Bunda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limidan iborat Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.

Uning o‘rniga Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.

3. Vazirlarning siyosiy maqomi, vakolatlari, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi siyosiy masʼuliyati hamda javobgarligi keskin oshirilmoqda. Ularning sohaga ajratiladigan mablag‘larni ishlatishdagi mustaqilligi belgilanmoqda.

Shuningdek, ajratilgan mablag‘lar va umumiy shtat birligi doirasida vazirlarga o‘z tuzilmasini mustaqil belgilash vakolati berilmoqda.

Vazirlar konstitutsiyaviy maqomidan foydalangan holda, Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan tizim joriy etilmoqda. Yaʼni, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar vazirlar ishtirokida muhokama qilinib, kollegial hal etiladi.

Sodda qilib aytganda, vazirlar:

- yangi qaror loyihalarini o‘zlari ishlab chiqadi;

- qaror loyihasining dolzarbligi, tashkiliy-moliyaviy mexanizmlari va kutilayotgan natijalarini Hukumat aʼzolari oldida o‘zlari himoya qiladi.

4. Vazirlik va idoralarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqilib, bir-birini takrorlaydiganlari qisqartiriladi. Bunda, xususiy sektorga o‘tkazilayotgan davlat funksiyalari kamida 3 barobarga ko‘paytiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir vazirlikning yil davomida erishishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi.

Vazirlar har yil boshida o‘zining o‘rinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi.

Xuddi shu kabi, vazirliklarning joylardagi bo‘linmalari rahbarlari ham maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi.

Vazirlar va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining yil yakuniga qadar ushbu dasturlar ijrosi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligi yuzasidan ochiq hisobot berishi belgilanmoqda.

6. Davlat boshqaruvida ochiqlikni taʼminlash, raqamli boshqaruv modeliga o‘tish maqsadida vazirliklarning buyruq va qarorlarini “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.

7. Davlat boshqaruvi apparatini saqlash xarajatlarini qisqartirish maqsadida vazirliklarda:

- masofaviy “onlayn qabul”, “virtual tashrif“ kabi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ish uslublari kengaytiriladi;

- energiya sarfi bosqichma-bosqich, shu jumladan tejamkor texnologiyalar joriy etish hisobiga kamaytiriladi.

Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etadi:

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

Tog‘-kon va geologiya vazirligi;

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;

Tabiat resurslari vazirligi;

Yoshlar siyosati va sport vazirligi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

Suv xo‘jaligi vazirligi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi;

Adliya vazirligi;

Transport vazirligi;

Madaniyat va turizm vazirligi;

Mudofaa vazirligi;

Energetika vazirligi;

Sog‘liqni saqlash vazirligi;

Tashqi ishlar vazirligi;

Ichki ishlar vazirligi;

Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Umuman, farmon va qaror bilan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati va ish tizimini takomillashtirish bo‘yicha yana bir qator yangiliklar joriy etilmoqda.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 81700 | Инструменты