Yoqilg‘i-energetika sohasida tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi joriy etiladi - Farmon

22-sentyabr kuni prezidentning “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Energetika vazirligi yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari va iste’molchilariga shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish va boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual tusdagi ruxsatnomalar bermaydi.

Tegishli agentlik elektr energiyasi bilan birga tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida bozor tamoyillarini shakllantiradi va tartibga soladi. Nazorat inspeksiyasi esa qoidabuzarliklarning oldini oladi, xavflarni erta aniqlashga qaratilgan preventiv nazorat modeli asosida ishlaydi.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari tegishliligi bo‘yicha resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bilan shug'ullanadi.

2027 yil 1 iyuldan Idoralararo tarif komissiyasi faoliyati shaffofligi, tezkorligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida Yoqilg‘i-energetika sohasida idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi joriy etiladi.

Platforma orqali faoliyati tartibga solinadigan korxonalar tomonidan tarif buyurtmalari hamda tariflarni hisoblash uchun zarur bo‘lgan moliyaviy, texnik va boshqa ma’lumotlarni elektron shaklda qabul qilish va qayta ishlash ta’minlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92413 | Инструменты