Kitob mutolaasi kerakmi, yo'qmi, degan savolni qo'yish xuddi tashna odamga suv ichasanmi, degan savolni berishga o'xshaydi. Zero, o'qish, ilm olishga intilish azal-azaldan xalqimiz ongu - shurida mavjud. Darhaqiqat, kitoblar zamon to'lqinlarida suzuvchi va o'zining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga avaylab eltuvchi tafakkur kemalaridir. Uning har bir sahifasi olam-olam ma'no tashiydi.

Qalbingiz tubida mudrab yotgan tuyg'ularni junbushga keltiradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham aynan kitob mutolaasiga e'tibor qaratgan holda yurtimizning har bir mahalla guzarlarida kutubxona bo'lishi darkor degan fikrni ilgari surmoqda. Ushbu tashabbusga hamoxang ravishda Poytaxtimizdagi Yashnobod tumani Zebi Shamsiddinova ko'chasida ham yangi ma'naviyat maskani ochildi. Bir qarashda noodatiydek tuyuluvchi ushbu ma'naviyat bog'i intellektual choyxona deb nomlandi. Choyxona va kutubxonaga qiziqib qoldingizmi, unda barcha savollaringizga muxbirimiz lahxasida javob olasiz.  

Kitob o'qiydigan odam hayotini ma'noga to'ldiradi. Ziyo bilan yo'lini yoritadi. Shu ma'noda, kitob insoniyatning eng yuksak kashfiyotlaridan biridir. G'ildirak ixtirosidan keyin uzoq masofalar yaqin bo'lganidek, kitob olami ham odamni bir-biriga qalban yaqinlashtiradi. Dillarni birlashtirib, hayot, yashashning asl ma'nosi nimadaligini ifodalab berdi. To'g'ri bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, internet tizimini keng rivojlantirmasdan turib, barqaror taraqqiyotga erishib bo'lmaydi. Ammo texnikaning oxirgi yutuqlarni o'zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini kuchaytirish, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirish ham bugungi kunning muhim masalasidir.

Ushbu masala yechimini ustuvor vazifa deb bilgan intellektual choyxona tashkilotchilari ham uzoq asrlarga borib taqaluvchi milliy an'ana va urf odatlarimizdan unumli foydalanishni maqsad qilishdi. Ya'ni barcha yaqinlari, do'stu –qadrdonlarni dilkash suhbat atrofida birlashtiradigan, bir piyola choy ustida fikr almashib, o'zaro maslahatlashadigan maskanga kitob mutolaasini joriy etib, ushbu xordiq makoniga ma'naviyat bog'i – intellektual choyxona deb nom berishdi. Darhaqiqat, choyxona azal - azaldan xalqimizning o'ziga xos qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyatini namoyon etadigan maskan hisoblangan. Unda mahalla ahli yig'ilib turli mavzular ustida mulohazalar yuritishgan, xadisu- xikmatlarni mutolaa qilishgan. Endilikda esa bu ezgu an'ana yangicha ma'no-mazmunda, kreativ g'oyalar asosida boyib bormoqda. Intellektual choyxona o'zbekona ruh va yuksak mahorat bilan bezatilgan bo'lib, u yerda axoli uchun barcha qulaylik yaratilgan. Devorlarga ilingan xikmatli so'zlar, suratlar bu yerga keluvchilarda iliq taassurot qoldiradi. Hovli saranjom-sarishta. Soya tashlab turgan daraxtlar ostidagi so'rilar ozoda. Ko'rkam favvoraning salqin shabadasi, atrofga ekilgan rayhonu jambillarning mastona iforidan dil yayraydi.

Ayni paytda Respublikada yagona xisoblanilayotgan  intelluktual choyxona ta'sischisi Shuhrat Oxunovning so'zlariga qaraganda Davlatimiz rahbari tomonidan kitob mutolasiga qaratilayotgan e'tibor, ilgari surilayotgan tashabbuslar va xar bir oilada kitibxonlikni ommalashtirish  kerak degan so'zlari ushbu loyixani amalga oshirishga turtki bo'ldi.  

Darxaqiqat xar bir kitobda tiriklikning nafasi bor deyishadi. Ushbu intellektual choyxona ham shu sirli nafasning ma'naviy iforlarini yoshu – qariga birdek ulashish maqsadida milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini kitob javonlariga taxladi.    

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62817 | Инструменты