“Qizil Qal’a” va “Shamun-Nabi” voqeasi – Madaniyat vazirligi bir yil avval xabar topgan bo'lsada bunga ko'z yumgan

Bir necha yil davomida Qoraqalpog'iston Respublikasidagi “Qizil Qal'a” yodgorligi va “Shamun-Nabi” maqbarasini restavratsiya qilish o'rniga, bu borada biror bilimga ega bo'lmagan shaxslar tomonidan uning tarixiy ko'rinishi nomuvofiq tarzda sayqallangan. Ayni shu holat yuzasidan fikr almashish maqsadida Madaniyat vazirligida matbuot anjumani o'tkazildi.

Avvaliga e'tiboringizga tarixiy obidalar haqida qisqacha ma'lumotni havola etsak. Qizil qal'a – Qoraqalpog'istonning Beruniy shahridan 27 km shimolda joylashgan bo'lib, eramizning I asrlarida bunyod etilgan. Qal'a devorlari qizg'ish loydan tiklangani bois kun chiqish va botish vaqtida qizg'ish tusda ko'zga tashlanadi. Tarixda Qal’ada IX-XI asrlarda odamlar yashagan, XII-XIII asrlarda qal'a garnizoni Qoratog' orqali o'tadigan suv va yo'llarni nazorat qilgan, 1221-yilda ushbu joy Chingizxon tomonidan yakson qilingan. Uning bugungi kungacha saqlanib qolgan qimslari esa zamondoshlarimiz tomonidan nomuvofiq sayqallanmoqda.

Shamun-Nabi maqbarasi – Mizdakxon o'rta asrlarda Janubiy Orol bo'ylaridagi savdo-iqtisodiy markaz bo'lish bilan birga, Islom ilmi taraqqiy etgan shaharlardan bo'lgan. Rivoyatlarga ko'ra, Shamun-Nabi payg'ambar avlodlaridan biri bo'lgan. 1960 yillarda arxeologlar tomonidan qabr ochilganda jasad aniqlanmagan. Mizdakxonning deyarli barcha madaniy obyektlari “yetti” raqami bilan bog'liq. Yetti gumbazni Shamun-Nabining yetti go'zal qizi sharafiga qurilgan deya hisoblashadi. Ayni shu rivoyatlar turistlarni o'ziga jalb etib kelmoqda. Biroq o'z ishiga mas'uliyatsiz amaldorlar esa ushbu obidalarning tarixiy xususiyatlari yo'qolib ketishiga sababchi bo'lmoqda.

Anjumanda O'zbekiston va Qoraqalpog'iston Madaniyat vazirliklari vakillari asosiy e'tiborni “Qizil Qal'a” yodgorligi va “Shamun-Nabi” maqbarasiga oid ushbu muammoga qaratishdi. O'zbekiston Madaniyat vaziri o'rinbosari Kamola Akilova “Shamun-Nabi” maqbarasidagi holatni vazirlik ruxsatisiz amalga oshirilganini aytdi. Gap shundaki, Fazliddin Davlatov rahbarligidagi “Meros Chashmasi” UK loyiha tashkiloti “Qizil Qal'a” va “Shamun-Nabi” madaniy obyektlarida go'yoki restavratsiya ishlarini olib borishgan.

Aslida esa mamlakatning tarixiy merosi hisoblanmish – ushbu obidalar zamonaviy ko'rinishda ta'mirlab qo'yilgan. Anjuman davomida buni Madaniyat vazirligi Jamoatchilik Kengashi raisi Zafar Hakimov ham ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, “Shamun-Nabi” maqbarasining hozirgi tashqi ko'rinishi o'z tarixiy xususiyatlarini yo'qotgan deb hisoblash mumkin. “Qizil Qal'a” yodgorligi bilan ham ahvol shunday bo'lib, uning tashqi devorlari go'yoki tiklangan, aslida ta'mirlash ishlari olib borilgan.

Qoraqalpog'iston Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish davlat inspeksiyasi boshlig'i Quvonchbek Sharipovning so'zlariga ko'ra, qo'shtirnoq ichida restavratsiya qilingan obidalarning ichki ko'rinishiga zarar yetmagan emish. Lekin ta'mirlash ishlari yakuniga yetgach, inshoot oldingi holatining surati bilan solishtirganda, barchasi yaqqol namoyon bo'ladi. Obidalarning nafaqat tashqi ko'rinishi balki ichki xususiyatlariga ham sezilarli darajada o'zgartirish kiritilgan. Tadbirda e'tiborimizni tortgan yana bir jihat shundaki, O'zbekiston Madaniyat vazirligi Jamoatchilik Kengashi raisi Zafar Hakimov fikricha, uning solishtirib aytganida, “maqbarada bunday qimmatli va e'tiborga taalluqli qadimgi bezak, masalan me'moriy namunalar bo'lmagan”. Shuning uchun ham bu holga keltirilgan. Zafar Hakimov nazarida konstruksiya, interyer holati saqlanib qolgan bo'lsa, unda hech qanday katta xato yo'q.

O'zida ko'p asrlik tarixni jam qilgan maqbarani vazirlikning maxsus ruxsatisiz ta'mirlashar ekan-u, lekin bu holatda hech qanday xato yo'q emish. Yana bir qiziq tarafi, loyiha tashkilotiga kim buyurtma berdi? Umuman tarixiy obyektlarni nazorat qiluvchi tashkilotlar qayerga qaradi? Qilar ishni qilib, biz bilmaymiz, bizga buyurishgandi deganlar ham gapni paysalga solib, kimdan buyurtma olganini aytishmadi.

O'zbekiston Madaniyat vazirligi rahbariyati bo'lib o'tgan voqea yuzasidan maxsus komissiya tuzilib tekshiruv o'tkazilishini, shunga ko'ra tegishli chora ko'rilishini qayd etdi halos.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72714 | Инструменты