Festival oʻtkaziladigan hudud – hozirgi Oʻrgʻoz qishlogʻi oʻzbek davlatchiligi tarixida alohida oʻrni boʻlgan qadimiy Iloq-Shosh davlatining poytaxti Tunkat shahri xarobalari maydonlariga to'g'ri keladi
Har yili Toshkent viloyatida oʻtkazib kelinayotgan mashhur “Iloq” etnofestivali joriy 16-may kuni Ohangaron tumanining Oʻrgʻoz qishlogʻida, ochiq osmon ostidagi maydon tomoshalari tartibida oʻtkaziladi.
Festivalni yuqori saviyada tashkil qilish yuzasidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev huzurida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mutasaddilarga bir qator aniq topshiriqlar berildi. Xususan, mehmonlar oqimi koʻp boʻlishi kutilayotgan festivalda hudud aholisi, sanʼatkorlar davra qurib, qadimiy oʻlanlar, termalar, laparlar aytishib, soz suhbatlar qurishi uchun sharoit hozirlanadi. Bundan tashqari, turli madaniy, koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.

Tadbir markaziy sahnasida Madaniyat va turizm boshqarmasi tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy dastur namoyish qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, anʼanaviy “Iloq” etnofestivali uch yillik tanaffusdan soʻng 2022-yili qayta tiklangan edi. Festival oʻtkaziladigan hudud – hozirgi Oʻrgʻoz qishlogʻi oʻzbek davlatchiligi tarixida alohida oʻrni boʻlgan qadimiy Iloq-Shosh davlatining poytaxti Tunkat shahri xarobalari yaqinida boʻlib, tabiati xushhavo, yeri unumdor, Qurama togʻlarining etaklarida joylashgan.


Alpha version: 0.9.1.19 build 120715 | Инструменты