Huawei 1
"O‘zbek qizi" filmi "Oltin Humo-2023" milliy kinotaqdimotida eng yaxshi film deb topildi

Alisher Navoiy nomidagi Kinochilar uyida "Oltin Humo" milliy kinotaqdimotining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchanovlar o‘z nutqi bilan ochib berdi. Marosim avvalida o‘zbek kinematografiyasida o‘chmas iz qoldirgan kinoijodkorlar xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Shundan so‘ng Madaniyat vaziri va Kinematografiya agentligi direktori O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimovani o‘zbek kinosiga qo‘shgan hissasi uchun taqdirladi.

Bundan tashqari Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov va Xitoyning “Jinsanqi” madaniy kompaniyasi rahbari Syao Szinsyansi o‘rtasida Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan "Bir makon - bir yo‘l" Samarqand xalqaro kinofestivalini o‘tkazish bo‘yicha memorandum imzolandi. Xitoylik investor Samarqandda o‘tkaziladigan festival haqida maʼlumot berdi.

"Eng yaxshi erkak roli" nominatsiyasida "Doktor Abdullayev" filmi uchun Rustam Karimov, "Eng yaxshi ayol roli"da esa “Sudya” filmidagi ijrosi uchun Shodiya Abduqodirova taqdirlandi. Shokir Xoliqov rejissyorligidagi “Yakshanba” filmi "Eng yaxshi ssenariy ishi" va "Eng yaxshi rejissyor ishi" nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi. "Eng yaxshi film" esa "O‘zbek qizi" kinokartinasi deb topildi. Bundan tashqari, kinoijodkorlar yana bir qancha nominatsiyalar bilan taqdirlanishdi.

Sovrinlar Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, “Qozoqfilm” direktori Azamat Satibaldi, “Lendok” hujjatli filmlar kinostudiyasi rahbari Aleksey Telnov, “Turksoy” tashkiloti matbuot kotibi Selim Ezer kabi xorijlik mehmonlar hamda Afzal Rafiqov, Tesha Mo‘minov, Raʼno Zokirova, Raʼno Shodiyeva kabi mashhur aktyor va aktrisalar ishtirokida topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga