Huawei 1
Temuriy shahzoda ko‘chirgan Qurʼon nusxasi O‘zbekistonga qaytadi

Temuriylar davrida ilm-fan va sanʼat taraqqiyotida katta hissa qo‘shgan Ibrohim Sulton qo‘li bilan ko‘chirilgan noyob Qurʼon nusxasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda. Hozirda ushbu tarixiy qo‘lyozmaning bir nechta nusxasi Eron va boshqa xalqaro fondlarda saqlanayotgani maʼlum.

Manbalarga ko‘ra, 1423 yilda suls xatida ko‘chirilgan bir nusxa Ostoni Qudsi Rizaviy kutubxonasida, yana bir nusxa esa 1937 yilgacha Sherozdagi “Qurʼon darvozasi”da saqlanib, keyinchalik Pors muzeyiga o‘tkazilgan. Ushbu ikki jildli qo‘lyozma o‘zining badiiy jihatdan nafisligi va bezaklari bilan alohida ajralib turadi. Bundan tashqari, Ibrohim Sulton tomonidan ko‘chirilgan yana bir nusxa Metropoliten muzeyida saqlanayotgani haqida maʼlumotlar mavjud.

Qurʼon qo‘lyozmalarining yuksak xattotlik sanʼati bilan ijro etilgani, zarg‘aldoq va oltin bezaklar bilan yozilgani olimlar diqqat markazida. Ayni paytda ushbu noyob asarning faksimile nusxasi tayyorlanmoqda va kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu borada tadqiqot ishlarini filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov olib bormoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30422 | Инструменты