O‘zbekiston Markaziy banki hozirgi kunda mamlakat hududida eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi (2009 yilgacha emissiya qilingan) banknotlarni banklar tomonidan sotish va sotib olish bilan bog‘liq amaliyotlar hech qanday muammolarsiz amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan.
Markaziy bank aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.
Shuningdek, agar tijorat banklarining valuta ayirboshlash shoxobchalari tomonidan eski namunadagi 100 AQSh dollari nominalidagi banknotlarni qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelinganda, Markaziy bankning “Ishonch telefoni” (71 200-00-44) yoki hududiy boshqarmalarga murojaat etish mumkinligi qo‘shimcha qilindi.
O‘z navbatda, Markaziy bank bu borada vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borishini ma’lum qiladi. “Valutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mamlakat hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valutasini sotib olish va sotish faqat mahalliy banklar orqali amalga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121301 | Инструменты