Jahon banki Samarqandda birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish uchun $100 mln ajratdi

17-noyabr kuni Jahon bankining ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonga 100 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘ Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda surunkali kasalliklarni aniqlash va davolashni kuchaytirishga ko‘maklashish maqsadida Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasidan (XTA) ajratilmoqda.

Dastur “Samarqand viloyatida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish natijalarini tizimli takomillashtirish” (SHIFO-1 — Systematic Primary Health Care Improvement for Outcomes in Samarkand) deb nomlanadi. U aholi salomatligini yaxshilash, yanada unumdor ishchi kuchini shakllantirish va tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish orqali 28,8 ming atrofida qo‘shimcha va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratishga yordam berishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

Samarqand viloyatida taxminan 4,3 mln aholi yashaydi. Dastur doirasida sifatli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 400 dan ortiq oilaviy poliklinikalarni modernizatsiya qilishga investitsiya kiritiladi.

Dastur tomonidan 6400 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari, jumladan, 1250 nafar oilaviy shifokor va 5000 nafar hamshiralar o‘qitiladi va sertifikatlanadi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining qariyb 80 foizini ayollar tashkil etadi va dastur ularni o‘qitishga ustuvor ahamiyat beradi.

Dastur, shuningdek, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sohasida aholi salomatligini boshqarishni takomillashtirish maqsadida bemorlarning raqamli reyestri va tegishli vositalarni qo‘shish orqali milliy raqamli sog‘liqni saqlash platformasi — DMED’ni yanada kengaytirishni ko‘zda tutadi. Ushbu yangilanishlar 330 ming nafar yoshi kattalarni yurak-qon tomir kasalliklari xavfi bo‘yicha skriningdan o‘tkazish va 250 ming nafar bemorning davolanishini yaqindan kuzatib borish imkonini beradi.

SHIFO-1 Dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa ixtisoslashtirilgan idoralar tomonidan 2028-yil dekabr oyigacha bo‘lgan davr mobaynida amalga oshiriladi; uning umumiy qiymati 525 mln dollarni tashkil etib, bundan 425 mln dollari O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111812 | Инструменты