Jizzax viloyatining Forish tumanida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) reaktori binosi uchun poydevor kotlovanini qazish ishlari boshlandi.
Shuningdek, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Yadro tibbiyot markazini tashkil etish ishlariga start berildi.
Bu ikki tadbirga bag‘ishlangan tantanali marosim 9 oktyabr kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida, Markaziy Osiyo – Rossiya sammiti doirasida o‘tkazildi. Unda “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev va “Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov ramziy tugmani bosib, ikkala loyihaga start berdi.
O‘zatom xabariga ko‘ra, AES reaktorini joylashtirish uchun 2026 yil mart oyida birinchi betonni quyish ko‘zda tutilgan.
“Ushbu yirik loyiha mamlakatimiz energetik mustaqilligini ta’minlash, ekologik toza energiya yetkazib berish imkonini beradi”, – dedi “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev.
“Bu O‘zbekistonning energetik mustaqilligi uchun yangi davrni ochadi, barqaror energiya ta’minotini ta’minlaydi, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi va minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi”, – dedi AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101117 | Инструменты