Huawei 1
KIA O'zbekistonda avtomobillarning yangi modellarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning 5-iyul kuni Bosh vazir o‘rinbosari - Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “KIA Russia&CIS” prezidentini qabul qildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston bozorida “KIA Motors” mahsulotlari katta qiziqish bilan kutib olingani e’tirof etildi. Shu sababli kompaniya rahbariyati yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish liniyasini kengaytirish orqali O‘zbekiston bozoridagi o’rnini yo’qotmaslik niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Jizzaxdagi zavodda yirik tugunli usulda avtomobil yig‘ish bo‘yicha “KIA” bilan qo‘shma loyihaning amalga oshirilishi 2021-yilda boshlangan.

Birinchi bosqichning qiymati $12,6 millionni tashkil etdi. Korxonada 250 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlangan. U yerda “KIA”, “Renault” va “Lada” avtomobillari yig‘ilmoqda. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming mashinani tashkil etadi. Zavod ishga tushirilgandan buyon 6 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarildi. Ushbu brendning 8 ta modeli allaqachon O‘zbekiston bozorida taqdim etilgan. Biroq, uchrashuvda ta’kidlanganidek, modellar doirasini kengaytirish uchun ham, ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud.

Muzokaralar davomida, ikkinchi bosqichining ishga tushirilishi, yillik ishlab chiqarish quvvatini 100 mingta avtomobilgacha oshirilishi va 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ta’kidlandi. 

Ishlab chiqaruvchining rejalariga ko‘ra, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetkaziladi, bu avtomobillarning narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi.

Loyihaning barcha jihatlarini muhokama qilgandan so‘ng, tomonlar uni amalda tatbiq etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar to‘g‘risida kelishib oldilar. Shuningdek, yuzaga kelayotgan barcha masalalarni muhokama qilish uchun muntazam va konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70409 | Инструменты