"LLK-Interneshnl" kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda 20 daraja sovuqdan 76 daraja issiqqacha bo‘lgan iqlim sharoitlariga chidamli sifatli yo'llar qurilishi mumkin
Joriy yil 28-fevral kuni Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov "LLK-Interneshnl" mutasaddilari bilan uchrashdi. Uchrashuvda "Avtomobil yo‘llari ilmiy-tadqiqot instituti" mutasaddilari, yo‘l qurilishi va loyihalashga mas'ul bo‘lgan tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.
O‘zaro muloqot davomida poytaxtdagi yo‘llarni sifatli ta'mirlash masalasi ko‘rib chiqildi. Baxtiyor Rahmonov poytaxt ko‘chalari haqida ma'lumot berib, iqlimimiz keskin kontinental bo‘lgani bois yo‘llarda bajarilayotgan ta'mirlash ishlari sifatini hamda xizmat qilish muddatini bir necha barobar oshirish muhimligini ta'kidladi.
"LLK-Interneshnl" mutasaddilari hozirda ular tomonidan yo‘l qurilishi va ta'mirlashda qo‘llanilayotgan mahsulot hamda texnologiyalar haqida atroflicha ma'lumot berib, bajarilgan ishning kafolati 7-10 yil, hatto undan ortiq ham bo‘lishi mumkinligiga e'tibor qaratishdi. Shuningdek, ular ish jarayonida har bir obyekt uchun ulohida yechim qo‘llashlari va 20 daraja sovuqdan 76 daraja issiqqacha bo‘lgan iqlim sharoitlariga mos keluvchi takliflari borligini aytib o‘tishdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi.
Ma'lumot o'rnida, LLK-International (LUKOIL guruhining 100% sho'ba korxonasi) moylar, moylash materiallari va boshqa texnik suyuqliklarni ishlab chiqaruvchi etakchi kompaniyalardan biridir. LUKOIL tomonidan moylash materiallari ishlab chiqarish Rossiyada va xorijda 9 ta o'z zavodi va 2 ta qo'shma korxonani, shuningdek, butun dunyo bo'ylab joylashgan 25 ta hamkor zavodni o'z ichiga oladi. Kompaniya 100 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot yetkazib beradi.

Alpha version: 0.9.1.19 build 41602 | Инструменты