O‘zbekistonda ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi yaratiladi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish agentligi boshqarma boshlig‘i Umidjon Hoshimov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ekologik toza siqilgan tabiiy gaz (STG) yoqilg‘isi asosida ishlaydigan qishloq xo‘jaligi texnikasini yaratishga qaratilgan innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda.
– Ushbu loyiha Koreya Respublikasining Koreya yuqori texnologiyalar instituti (KIAT), Innovatsion rivojlanish agentligi, "O‘zavtosanoat" AJ va Chirchiq shahar hokimligi hamkorligida tatbiq etilyapti, – dedi U. Hoshimov. – Uning umumiy qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyiha Koreya Respublikasining ODA dasturi doirasida beg‘araz ko‘mak asosida moliyalashtirilmoqda. Uning asosiy maqsadi R&D tadqiqot va ishlanmalar markazini tashkil etish hamda mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ekologik toza STG yoqilg‘isiga o‘tkazishdir. Bu esa mamlakatda ekologiyaga nisbatan ta’sirni kamaytirish, yoqilg‘i xarajatlarini optimallashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkonini beradi.
Loyiha doirasida zamonaviy STG-4 gaz ballonli uskunalar joriy etiladi. Bu uskunalar dvigatel uchun xavfsiz, kam xarajatli va haydovchining aralashuvini minimal talab etadigan yechim hisoblanadi.
Shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida texnologik yechimlar ishlab chiqiladi, zamonaviy asbob-uskunalar joriy etiladi hamda ulardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘quv va malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Loyihaning joriy holati va istiqbollariga to‘xtaladigan bo‘lsam, 2023 yil noyabr oyida Koreyadan dastlabki asbob-uskunalar olib kelinib, o‘rnatildi. Shuningdek, “Siemens” kompaniyasining NX dasturi yordamida qishloq xo‘jaligi texnikasini modellashtirish va loyihalashtirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
Hozirgi kunda Chirchiq shahridagi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterida tadqiqot markazi uchun bino qurilishi yakunlangan bo‘lib, koreyalik hamkorlar mazkur binoda joylashadigan markazning bosh rejasini ishlab chiqmoqda. Loyiha yakuniga qadar dasturiy ta’minot va qo‘shimcha uskunalarni yetkazib berish, mutaxassislarning O‘zbekiston va Koreya Respublikasida o‘qitilishi hamda 50 dona STG yoqilg‘isida ishlaydigan turli quvvatdagi qishloq xo‘jaligi texnikasini olib kelish rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82706 | Инструменты