Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov BAAning “Abu Dhabi Sewerage Services Company” boshqaruvchi va bosh ijrochi direktori Ahmad Al Shamsi boshchiligidagi kompaniya mutasaddilari bilan uchrashdi. Unda “Abu Dhabi Sewerage Services Company” hamkorlari - “FICHTER Water & Transportation Gmbh” (Germaniya) va “MARUBENI CORPORATION” (Yaponiya) kompaniyalari masʼullari, “O‘zsuvtaʼminot” AJ raisi Sohib Saifnazarov, shahar hokimi o‘rinbosarlari hamda “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ mutasaddilari ishtirok etishdi.
O‘zaro muloqot davomida Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining “Surum” MFY hududida barpo etilishi rejalashtirilgan Oqava suvlarni yig‘ish va tozalash inshootini loyihalash, qurish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish, mavjud tizimlar bilan integratsiya qilishga oid tashkiliy va texnik masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ahmad Al Shamsi “Surum Wastewater Treatment project” loyihasi haqida maʼlumot berar ekan, bugungi kunda “Abu Dhabi Sewerage Services Company” qatori, FICHTER Water & Transportation Gmbh” (Germaniya) va “MARUBENI CORPORATION” (Yaponiya) kompaniyalarining masʼul mutaxassislari ish olib borishayotganini bildirdi. Hozirda mutaxassislar inshoot loyihasi va dizayni borasida ishlashayotganligini aytib, buning uchun shaharning o‘sish suratlari, aholi soni va buning yaqin kelajakka oid prognozi ham muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, 4 yilga mo‘ljallangan ushbu loyiha ikki komponentdan iboratligi hamda ikki bosqichda amalga oshirilishini, tayyor bo‘lganda umumiy hisobda sutkasiga 1,5 million metr kub oqava suvlarni qabul qilib, tozalashini bildirdi.
Uning ishga tushirilishi “Salar”, “Bektemir” va qisman “Bo‘zsuv” inshootlariga yo‘naltirilayotgan oqava suvlarni to‘liq qamrab olishini qayd etdi.
Baxtiyor Rahmonov bu Toshkent uchun nihoyatda ahamiyatli loyihalardan biri ekanligiga eʼtibor qaratib, uni mukammal qilib tayyorlash hamda ishga tushirish uchun shahar hokimligida kerakli barcha mutaxassislardan iborat Ishchi guruhini tashkil etish taklifini bildirdi. Ahmad Al Shamsi ham bu taklifni qo‘llab-quvvatladi va tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51212 | Инструменты