14-may kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan «Karyera haftaligi» doirasida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (UZEX) hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirning asosiy maqsadi bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotga jalb qilish, amaliy tajriba imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqtidorli yoshlarni mehnat bozorida malakali kadr sifatida tayyorlashdan iborat bo‘ldi.
Memorandumni O‘zbekiston respublikasi tovar-xom ashyo birjasi Boshqaruvi raisi Asadulla Qayumov va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori To‘lqin Teshabayev imzoladilar.
Tomonlar taʼkidlaganidek, mazkur hujjat taʼlim, ilm-fan va iqtisodiyot amaliyoti integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim qadam hisoblanadi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi raqamli iqtisodiyot, birja savdolari, davlat xaridlari va elektron tijorat sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, kadrlar salohiyati va kasbiy mahoratini oshirishdan iborat.
Memorandum doirasida TDIU talabalari uchun birja tizimida amaliy treninglar, malakaviy amaliyot va stajirovkalar tashkil etish, iqtidorli bitiruvchilarni ishga jalb qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, birja mutaxassislari ishtirokida ochiq darslar, seminarlar va master-klasslar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar, tahliliy ishlar hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur memorandum zamonaviy HR-menejment yondashuvlarini joriy etish, inson kapitali salohiyatini rivojlantirish va respublikada birja savdolari tizimi samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51421 | Инструменты