Markaziy bank 2024-yil uchun naqd pul muomalasi bo‘yicha qisqacha sharhini eʼlon qildi.
Qayd etilishicha, banklarga tushgan naqd pullar va ularga bo‘lgan talab o‘rtasidagi farq Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha naqd pullarni chiqarish orqali taʼminlab borildi.
Xususan, Markaziy bank tomonidan 2024-yilda muomalaga qo‘shimcha 10,3 trln so‘m naqd pullar chiqarildi va 2025-yil 1 yanvar holatiga naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 19,2 foizni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 foiz bandga pasaydi.
2024-yil davomida Markaziy bank tomonidan qo‘shimcha naqd pullarning (yangi namunadagi) muomalaga chiqarilishi natijasida banknotlar umumiy soni 152 mln donaga ko‘paygan.
2024-yil davomida naqd pul muomalasi banklarga naqd pullar tushumi manbalarida va banklardan berilgan naqd pul maqsadlari bo‘yicha keskin tarkibiy o‘zgarishlarsiz, nominal miqdorining o‘sishi fonida shakllandi.
Mazkur holat muomaladagi naqd pullarning o‘tgan yil boshiga nisbatan 17 foizga oshgani holda, aholining daromadlari ko‘payishi va xarid qobiliyatini o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.
Hisobotda keltirilishicha, 2024-yilda umumiy pul tushumlari (naqd pul va terminal tushumlari) 840 trln so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 26 foizga oshdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11519 | Инструменты