O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklarini ogohlantirdi. Tizimda operatsiyaning “muvaffaqiyatli” deb ko‘rinishi majburiyat bajarilganini anglatmaydi. Nizoli vaziyatlar uchun mas’uliyat to‘lov tashkilotlari zimmasiga yuklatiladi. MB iste’molchilar huquqlarini buzgan banklarga nisbatan keskin nazorat ta’siri choralari va jarima sanksiyalarini qo‘llashini ma’lum qildi.
Tasavvur qiling, sizga zudlik bilan naqd pul kerak bo‘ldi. Bankomatga borib, kerakli summani kiritdingiz. Telefoningizga “pul yechildi” degan SMS-xabarnoma keldi, biroq qurilmadan naqd pul chiqmadi. Bankka murojaat qilsangiz, ular elektron tizimdagi ma’lumotlarni ro‘kach qilib, "Biz tomondan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan, pulingizni olgansiz" deya javob berishdi.
So‘nggi vaqtlarda bank kartalaridan pul yechilgan bo‘lsa-da, bankomat naqd pul bermaganligi holatlari ko‘paymoqda. Ushbu holatlar bo'yicha Markaziy bank o'rganish ishlari olib borib, yakuniy axborotini e'lon qildi.
Ma'lumotga ko'ra, banklar texnik nazorat talablariga doim ham rioya etmayapti. Zaruriy ma’lumotlar bazasi saqlanmayapti. Oqibatda, banklar mijozga naqd pul haqiqatda berilganini verifikatsiya qila olmayapti.
Bosh regulyator to‘lov xizmati ko‘rsatuvchilar zimmasiga qat’iy talablar qo‘ydi. Operatsiyalar natijalarini qayd etish va ma’lumotlarni arxivlash qonuniy majburiyatdir.
Banklar tizimdagi kamchiliklarni o‘z manfaatlari yo‘lida talqin qila olmaydi. Agar texnik nosozlik tranzaksiyani obyektiv baholashga to‘sqinlik qilsa, operatsion xatolik oqibatlari iste’molchining zimmasiga yuklatilmaydi. Texnik risk uchun bank javob beradi.
Kelib tushgan arizalar endi faqat avtomatlashtirilgan bank tizimidagi statusga qarab yopilmaydi. Banklar kompleks ichki audit o‘tkazishga majbur. Bunda quyidagi dalillar ahlil qilinadi:
- tizimning elektron jurnallari va log-fayllari;
- bankomatdagi inkassatsiya va rekonislyatsiya (qoldiqni solishtirish) natijalari;
- protsessing markazlarining tranzaksion ma’lumotlari;
- qurilmalarning videokuzatuv tizimi yozuvlari.
Tekshiruv yakunlangach, bank mijozga barcha asoslarni ko‘rsatgan holda rasmiy javob xati yuborishi shart. Agar tranzaksiyaning lozim darajada bajarilmagani tasdiqlansa, bank mijozning yechib olingan mablag‘larini restitutsiya (qayta tiklash) qilishi shart.
Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini buzgan moliya tashkilotlariga nisbatan keskin nazorat ta’siri choralari va jarima sanksiyalarini qo‘llashini ma’lum qildi. Bu chora to‘lov tizimlari operatorlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110713 | Инструменты