O‘zbekistonda xodimlarga ish haqini o‘zi tanlagan bank kartasiga olish imkoniyati yaratiladi

Fuqarolar ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan qat’i nazar, o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olishi mumkin bo‘ladi. Bu Markaziy bankning Mablag‘larni taqsimlash markazi tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda regulyator ma’lum qildi.

Tizimning birinchi versiyasi xususiy sektor tashkilotlari va ularning xodimlari uchun mo‘ljallangan. Keyingi yangilanishlarda foydalanuvchilar takliflari asosida tizim imkoniyatlari kengaytiriladi.

Buning uchun xodim o‘zi tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoni rekvizitlarini ish beruvchining buxgalteriyasiga taqdim etadi. Tizimda alohida ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi. Karta yoki elektron hamyon xodimning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak. Xodim keyinchalik boshqa kartani tanlashi yoki rekvizitlarini o‘zgartirishi mumkin.

Tashkilot xodimlarga to‘lovlar bo‘yicha yagona reyestr tuzib, o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi bankka yuboradi. Bank reyestrni elektron raqamli imzox bilan tasdiqlab, tizimga jo‘natadi. Tizim ma’lumotlarni tekshiradi va to‘lovlarni xodimlar tanlagan banklar bo‘yicha taqsimlaydi. Shundan so‘ng qabul qiluvchi banklar pulni tegishli kartalar yoki elektron hamyonlarga o‘tkazadi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, tashkilotlar ham har bir xodim tanlagan bank bilan alohida ish haqi loyihasi bo‘yicha shartnoma tuzishga majbur bo‘lmaydi. Banklar uchun esa mijozlarni ish beruvchiga bog‘lanmagan holda jalb qilish va xizmat sifati bo‘yicha raqobatlashish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tizim Markaziy bankning himoyalangan infratuzilmasida ishlaydi. Ma’lumotlar yopiq bank tarmog‘i orqali uzatiladi, oluvchining karta rekvizitlari va identifikatsiya ma’lumotlari Markaziy bank bazalari orqali tekshiriladi. Xatolik aniqlansa, reyestr tuzatish uchun qaytariladi.

Mazkur tizim 2025-yil 27-noyabrdagi prezident qarori bilan berilgan topshiriq ijrosi doirasida ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, majburiy mijozlar auditoriyasidan voz kechgan holda foydalanuvchilarga bank kartasini ochish tanlovini yaratish ko‘zda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111814 | Инструменты