Toshkentda Vazirlik va idoralarning 7 ta binosi 868,8 mlrd so‘mga sotildi

Toshkent shahrida vazirlik va idoralarga tegishli yettita ma’muriy bino jami 868,8 mlrd so‘mga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma'lumot berdi.

Sotilgan obyektlar qatoridan Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi” DUK, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Davlat xizmatlari agentligining binolari o‘rin olgan.

Yana 11 ta obyekt 1 095,8 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narxda savdoga chiqarilgan bo‘lib, 20 ta obyekt bo‘yicha sotuvoldi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda ularning tizimidagi tashkilotlarga tegishli binolar bo‘yicha savdolar davom etmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-martdagi 146-son qarorida vazirliklar, idoralar va ularning tizimidagi tashkilotlarni Yangi Toshkent hududiga ko‘chirish, jami 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotni joylashtirish, shuningdek, Toshkent shahridagi ularga tegishli 83 ta ko‘chmas mulk obyektini ochiq savdolarda, jumladan, ijara huquqi asosida realizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Shunday qilib, realizatsiya qilinishi belgilangan 83 ta obyektning yarmidan ko‘pi bo‘yicha jarayon boshlangan: 7 ta bino yangi mulkdorlarga o‘tdi, yana 31 ta obyekt tayyorgarlik va savdoning turli bosqichlarida.

Mazkur jarayon Yangi Toshkentdagi yangi ma’muriy infratuzilmani shakllantirish ishlari bilan parallel ravishda amalga oshirilmoqda. Obyektlarni sotishdan tushgan mablag‘lar bevosita ushbu infratuzilmani barpo etishga qayta yo‘naltiriladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101923 | Инструменты