Huawei 2
O‘zbekiston chempionatining eng qimmatbaho jamoalari ro‘yxati yangilandi

Superliga 2024-yilgi mavsumi startidan oldin Transfermarkt portali O‘zbekiston chempionatining eng qimmatbaho jamoalari ro‘yxatini yangiladi.

Unga ko‘ra, yangi mavsum oldidan bir qator futbolchilari bilan xayrlashgan “Paxtakor” bu boradagi karvonboshchilikni “Nasaf”ga topshirgan. Mavsum oldidan Qashqadaryo viloyati hokimi Murod Azimov va bosh homiy "Sho‘rtan gaz kimyo" kompleksi tomonidan Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi “Nasaf” jamoasi oldiga chempionlik vazifasi qo‘yilgani eʼlon qilingandi. Jamoa shunga yarasha tarkibini kuchaytirgach, Qarshi klubi o‘yinchilarning umumiy narxi bo‘yicha Superliganing eng qimmat jamoasiga aylandi – 10,03 millin yevro.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Navbahor” oldiga bu yil faqat chempionlik maqsadi qo‘yilganini eʼlon qilgandi, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham “Neftchi” O‘zbekiston chempionatida g‘oliblik uchun o‘ynashi kerakligini taʼkidlagan. Maqsadga yarasha vodiyning bu ikki jamoasi ham tarkibining qiymati bo‘yicha top-3likdan joy olgan.

“Paxtakor” Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Doston Tursunov, Sanjar Quvvatov singari o‘yinchilari bilan xayrlashgach, jamoa tarkibi bahosi bo‘yicha 4-o‘ringa tushdi. Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi OKMK esa beshlikdan o‘rin olgan.

“Surxon”, “Dinamo”, “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Andijon” tarkibi bahosi bo‘yicha o‘nlikdan joy olgan bo‘lsa, “Metallurg”, “Lokomotiv”, “Qizilqum” va “Olimpik” so‘nggi to‘rtta o‘rinni band etgan.

Superliga-2024 oldidan jamoalar umumiy tarkibining transfer qiymati bilan tanishing (Transfermarkt talqini):

1. Nasaf – 10,03 mln yevro

2. Navbahor – 8,55 mln yevro

3. Neftchi – 8 mln yevro

4. Paxtakor – 7,85 mln yevro

5. OKMK – 6,54 mln yevro

6. Surxon – 5,33 mln yevro

7. Dinamo – 4,81 mln yevro

8. So‘g‘diyona – 4,75 mln yevro

9. Bunyodkor – 4,38 mln yevro

10. Andijon – 4,28 mln yevro

11. Metallurg – 3,93 mln yevro

12. Lokomotiv – 3,69 mln yevro

13. Qizilqum – 3 mln yevro

14. Olimpik – 2,96 mln yevro.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga