Huawei 1
Bishkekda MDH Xavfsizlik idoralari rahbarlari yigʻildi

24-may kuni Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda MDHga aʼzo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 54-majlisi boʻlib oʻtdi.

Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda ochiq va konstruktiv muloqot muhimligi, kuchayib borayotgan tahdidlar sharoitida davlatlar xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar va birgalikdagi saʼy-harakatlarni, razvedka xizmatlarining rolini kuchaytirish, bu boradagi ishlarni takomillashtirish zarurligi taʼkidlangan.

Uchrashuv chogʻida uyushgan jinoyatchilik, xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha taklif va tashabbuslar, jumladan, 2024-yil 22-mart kuni Rossiya Federatsiyasining Krasnogorsk shahridagi "Krokus Siti Holl"da sodir etilgan terakt yuzasidan oʻtkazilgan tergov natijalari hamda mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikning boshqa dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov MDH davlatlarining xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari vakillari oldida soʻzlagan nutqida Maxsus xizmatlar rahbarlari kengashi bugungi kunda ekstremistik va terroristik tahdidlarga qarshi kurashda muhim tuzilmalardan biri ekanini taʼkidladi.

"Noaniqlik, notinchlik va mojarolarning kuchayishi bilan tavsiflangan dunyoda davom etayotgan oʻzgarishlar, shuningdek, joriy yilning 22-martida Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl"da koʻp sonli qurbonlar bilan sodir boʻlgan soʻnggi fojiali voqealar razvedka xizmatlarining rolini kuchaytirish, ularning faoliyatini takomillashtirish va davlatlarimiz xavfsizligini taʼminlashda birgalikdagi saʼy-harakatlar zarurligini yana bir bor namoyish etdi”, deydi Qirgʻiziston Prezidenti.

Yigʻilishda Oʻzbekistondan Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov qatnashdi.

Ishtirokchilar ushbu platformaning xavfsizlik sohasida koʻp tomonlama hamkorlik qilish uchun dolzarbligini qayd etib, MDH makonida kelgusida yaqin hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldi. Xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi 2024-yilning ikkinchi yarmida Qozogʻistonda oʻtkazilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121300 | Инструменты