Fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazorat kuchaytiriladi

Prezident raisligida agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.

Yig‘ilishda o‘g‘it sifati va ustamasi bo‘yicha ayrim tumanlarda eʼtirozlar bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tildi.

Prezident mutasaddilarga fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olishda qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy qilish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berdi (masalan, bank yoki sug‘urta kafolati asosida bo‘lib-bo‘lib to‘lash, tijorat krediti foizlarini pasaytirish).

Joylardagi omborlardan klaster va fermerlarga mineral o‘g‘itni tashishda transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, fermerlarga yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berishda nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 milliard so‘m ajratilgan. Asosiy maqsad eng ko‘p suv yo‘qotiladigan kanallarni sug‘orish davri boshlanishigacha betonlashdan iborat.

Lekin, Qashqadaryodagi loyihasi tayyor 9 ta kanalni beton qoplamaga o‘tkazish ishlari bor-yo‘g‘i 34 foizga bajarilgan. Yoki, Sirdaryodagi 3 ta kanalda betonlash bo‘yicha bajarilgan ishlar 10 foizga ham yetmaydi.

Prezident hamma kuchni to‘liq safarbar qilib, vegetatsiya davri boshlanguncha betonlash ishlarini yakunlash shartligini taʼkidladi.

Suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suvni tejab ishlatish Suv xo‘jaligi vazirligining eng asosiy vazifasi ekani qayd etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72707 | Инструменты