Shuningdek, 2025-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshirilish ta'kidlandi
Toshkent shahrida YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasi ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbir qatnashchilariga nutq so'zladi.
Davlat rahbari Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
"Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda. O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas.
Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Shu ma’noda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar ta’limi masalasida barchamiz bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman", - deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
"Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor. Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir. Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi. Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan", - deya aytib o'tdi davlat rahbari.
Shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.
"Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o‘rta ta’lim maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir. Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim", - deya qayd etib o'tdi Prezident.
Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60701 | Инструменты