Huawei 1
Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi sammitda mintaqa mamlakatlarining umumiy siyosiy irodasi tufayli barqaror va ortga qaytmas tus olgan Markaziy Osiyodagi chuqur transformatsiya jarayonlari ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

«Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch va yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanmoqda, keng ko‘lamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Bundan yetti-sakkiz yil avval buning uchun hatto sharoit ham yo‘q edi. Ba’zi mamlakatlar o‘rtasidagi chegaralar yopiq edi. Na savdo, na tranzit, na biznes, hech qanday gumanitar almashuvlar yo‘q edi. Munosabatlar shunchaki muzlatib qo‘yilgandi. O‘shanda hech kim yaqin kelajakda biz Yevropa yetakchilari bilan muzokaralarda mintaqamizni birgalikda namoyon etishimizni tasavvur ham qila olmas edi.

Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani mintaqada xavfsizlik va farovonlikni ta’minlashning eng muhim shartiga aylandi.

Shu yil sentabr oyida biz Toshkentda mintaqadagi davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazamiz va uning doirasida umumiy kun tartibidagi barcha dolzarb vazifalarni ochiq va konstruktiv hal qilamiz.

Bugungi sammitimiz arafasida tarixiy voqealar bo‘lib o‘tganini alohida qayd etishni istardim. Bu o‘rinda gap Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegaralari masalasi to‘liq hal etilgani va delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolangani haqida bormoqda.

Yana bir bor hurmatli hamkasblarim Imomali Sharipovich Rahmon va Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovni samimiy tabriklayman.

Biz birgalikda mintaqada yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotganimizni ta’kidlash joiz. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armalari va kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mintaqada ichki savdo hajmi oshib bormoqda. Ularni rag‘batlantirish uchun chegaraoldi savdo zonalari yaratilmoqda. Bularning barchasi mamlakatlarimiz va butun mintaqamizning barqaror iqtisodiy taraqqiyotiga imkon yaratayotganini ta’kidlashni istar edim», dedi davlat rahbari.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning o‘sishi bu yil olti foizgacha yetishi va bu boshqa mintaqalardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi ta’kidlandi. Jumladan, O‘zbekistonda sanoatlashtirish, infratuzilmalarga sarmoyalar kiritish, iqtisodiyotni liberallashtirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobidan barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanmoqda.

Umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta’lim bo‘yicha almashuvlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarimizni alohida ta’kidlangan.

«Biz mamlakatlarimizda yetakchi milliy o‘quv muassasalarining filiallarini ochyapmiz. Xorijiy sayyohlar uchun yagona Markaziy Osiyo vizasi loyihasini ilgari suryapmiz», degan O‘zbekiston prezidenti.

Ilk sammit Qozog‘iston va Qirg‘izistonda muvaffaqiyatli o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkita uchrashuvining mantiqiy davomi ekani qayd etildi. Ushbu muloqotlar har ikki tomonning manfaatlarini tushunish va sheriklikning umumiy yo‘nalishlarini belgilab olish uchun foydali bo‘lgan. So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro hamkorlik sezilarli faollashgani kuzatilmoqda.

Keyingi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro tovar aylanmasi hajmi bir necha barobar o‘sib, 54 milliard yevroga yetdi. Hamkorlikning samarali platformalari ishga tushirildi. Barcha muhim yo‘nalishlarda vazirlar ishtirokida majlislar, forumlar, sammitlar va konferensiyalar doimiy o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, ushbu uchrashuv ko‘pqirrali munosabatlarimiz rivojida yangi bosqichning o‘ziga xos boshlanish nuqtasi bo‘lishi lozim, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikdagi ishlarning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Birinchi. Bu – siyosiy muloqotlarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlar va investitsiyalar, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari.

Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilinadigan hujjatning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Ishonchim komilki, bizning strategik sherikligimiz aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishi kerak. Shu munosabat bilan, bizning ikki mintaqamiz o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha to‘laqonli Bitimni imzolash masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Biz, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirishni taklif etamiz.

Sammitimizni har ikki yilda bir marta o‘tkazish bo‘yicha taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelishuvlarimizni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yig‘ilishimizga qadar sammit kotibiyati funksiyasini o‘z zimmamizga olishga tayyormiz.

Ikkinchi. Iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorligimizning ustuvor mezoni bo‘lishi lozim.

Biz iyun oyining boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazamiz. Ushbu tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 milliard yevrodan ortiq bo‘lgan joriy loyihalar portfelini taqdim etish niyatidamiz.

Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Yevropaning barcha biznes “kapitanlari”, sanoat va innovatsiya sohalari yetakchilari O‘zbekiston va mintaqamizdagi boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Ular orasida “TOTAL”, “Siemens”, “Linde”, “Airbus”, “BASF”, “IDF”, “Orano”, “OTP Group” va boshqa ko‘plab korporatsiyalar bor.

Forum jarayonida ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida sessiyani o‘tkazishni taklif etaman. O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimotini ham ana shu sessiyada o‘tkazishni reja qilyapmiz.

Shu kunlarda Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish to‘g‘risida imzolangan bitim Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantiradi.

Yevropalik sheriklarimiz yana bir tashabbusimizni – “yashil” energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarimizning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qator yangi takliflarni bildirmoqchimiz. Bu, eng avvalo, investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini, birinchi galda, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturlarni qabul qilishga qaratilgandir.

O‘zbekistonda o‘zaro transport bog‘liqligi bo‘yicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilishga tayyormiz.

Shuningdek, eksport qiluvchilarimiz salohiyatini oshirish, laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish uchun Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini kengaytirish muhimdir.

Uchinchi. Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston geologiya-razvedka, strategik xomashyo materiallari konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish borasida Yevropadagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha katta ijobiy tajribaga ega. Biz bu yo‘nalishda Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash niyatidamiz.

Ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish uchun samarali transport yo‘laklarining yo‘qligi bunda asosiy to‘siq hisoblanadi. Jumladan, Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan ta’minlash uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zarur. Ishonaman, ushbu vazifalar “Global darvoza” umumevropa dasturining maqsadlariga to‘liq mos keladi.

Shu munosabat bilan, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Yevropa Ittifoqi shafeligida ushbu yo‘nalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirishni taklif etamiz.

To‘rtinchi. “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan investitsiyalar strategik ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xalqaro loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Sammit arafasida ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli bitimni ratifikatsiya qildik.

Ta’kidlash o‘rinliki, biz 2030 yilga borib mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini 54 foizga yetkazishni, 24 ming megavatt “yashil” quvvatlarni ishga tushirishni rejalashtirmoqdamiz.

“Toza” energiya bo‘yicha “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sherikligining yo‘lga qo‘yilishi bilan o‘zaro hamkorligimizning muhim platformasi yaratilishi mumkin.

Shuningdek, “uglerod kreditlari” loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish va ularning bozorini rivojlantirish uchun turdosh vazirliklar rahbarlari darajasida ishchi guruhni ta’sis etishni taklif etamiz. Bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Iqlim forumi chog‘ida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz.

Beshinchi. Inson kapitaliga investitsiyalar ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirish imkonini beradi.

Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha “ERAZMUS PLYuS” dasturlari doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalarni joriy etish  ushbu maqsadga erishishga xizmat qilishi mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-ta’lim hamkorligini kengaytirish uchun O‘zbekistonda “Ufq – Yevropa” dasturi ofisini ochishga tayyormiz. Bundan tashqari, sun’iy intellekt, ma’lumotlar “katta bazalari”, raqamlashtirish, kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy va texnologik almashuvlar bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqishni taklif etamiz.

O‘zbekiston, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli ta’lim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qo‘shish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari o‘rtasida sheriklik borasida “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari suradi.

Yevropalik mutaxassislar ishtirokida “Lazgi” milliy baletining sahnalashtirilishi madaniyat sohasidagi kooperatsiyaning yaqqol misoli bo‘ldi. Yevropadagi Luvr, Berlin Yangi muzeyi, Vena Butunjahon muzeyi kabi yirik muzeylarda Markaziy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning kuzida ushbu zaminda, Samarqandda o‘tadigan, so‘nggi qirq yilda Parijdan tashqarida ilk bor bo‘ladigan YuNeSKO Bosh konferensiyasi chog‘ida barcha xorijiy sheriklarimizni mintaqamiz xalqlarining boy madaniyati va san’ati bilan yanada keng tanishtirishni xohlar edik.

Shuningdek, joriy yilda Buxoroda birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumini o‘tkazishni reja qilyapmiz.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini joriy etish asosida “Bir tur – butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, mintaqamiz sayyohlari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqishda yevropalik sheriklarimizning ko‘magiga tayanamiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlar, xususan, terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Yevropalik sheriklarimizning terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Afg‘onistonni tinch rivojlantirish masalalarida siyosiy maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyormiz. Ming afsuski, jahon hamjamiyati ushbu mamlakat hududidan kelib chiqadigan barcha tahdidlarni yetarlicha baholay olmayapti.

Afg‘on tomonini mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga, jumladan, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, ijtimoiy sohani qayta tiklash yo‘li bilan faol jalb etish zarur, deb hisoblaymiz. Qabul qilingan majburiyatlarni bajarish uchun xalqaro hamjamiyatning amaldagi afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish muhimligini tushunishi va qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

So‘zimning nihoyasida bizning tashabbus va kelishuvlarimizni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish muhimligini alohida qayd etishni istar edim.

Shu munosabat bilan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatida Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlari o‘tkazib boriladigan Sheriklik qo‘mitasini ta’sis etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Qadrli do‘stlar!

Barchangizga ochiq, ishonchli va konstruktiv muloqot uchun yana bir bor chuqur tashakkur izhor etaman.

Ishonchim komilki, Yevropaning yetakchi institutlari va moliya tashkilotlari rahbarlari Markaziy Osiyoning umumiy pozitsiyaga ega ekaniga, ishonchli va mas’uliyatli sherik sifatida keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekaniga amin bo‘lishdi.

Barchangizni ikki mintaqa o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida tarixiy qaror qabul qilinishi bilan tabriklayman.

Erishilgan barcha kelishuvlar va ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish uchun Sammit kotibiyatiga, ekspertlar bilan birgalikda, bir oy muddatda, biz ishchi tartibda tasdiqlashimiz mumkin bo‘lgan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash taklifini bildiraman.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41011 | Инструменты