Huawei 2
Nagoya shahrida birinchi "O'zbekiston-Yaponiya savdo uyi" ochildi

Yaponiyaning Nagoya shahrida "O'zbekiston-Yaponiya savdo uyi"ning ochilish marosimi bo'lib o'tdi

Tantanali ochilish marosimida Nagoya shahri meriyasi rahbariyati, Aichi prefekturasi kengashi deputatlari, yetakchi ishbilarmon doira vakillari va ushbu prefekturada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Nagoya shahri meriyasining Iqtisodiyot, sanoat va transport boshqarmasi boshlig'i Masatoshi Xiguchi so'zga chiqib, "O'zbekiston-Yaponiya savdo uyi"ning tashkil etilishi so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasidagi keng qamrovli hamkorlik aloqalari jadal sur'atlarda rivojlanib borayotganidan dalolat ekanligini ma'lum qildi. U, shuningdek, mazkur savdo uyi orqali Yaponiyada o'zbek milliy mahsulotlariga bo'lgan qiziqish yanada ortishi, mamlakatimizdan turli xil mahsulotlar eksporti ko'payishiga umid bildirdi. 

Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov o'z nutqida, so'nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan ikki davlat o'rtasidagi savdo aloqalari haqida ma'lumot berdi.

Ishtirokchilar yurtboshimiz boshchiligida mahalliy eksportchi korxonalarni qo'llab-quvvatlash, eksportni rag'batlantirish, eksport bozorini diversifikatsiya qilish bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar bilan tanishdilar. 

O'zbekistonning Nagoyadagi faxriy konsuli Xiroyuki Ito o'z ma'ruzasida, so'nggi yillarda yapon kompaniyalari orasida mamlakatimizdan oziq-ovqat, to'qimachilik, hunarmandchilik va kulolchilik mahsulotlarini import qilishga qiziqish tobora ortib borayotganini ta'kidladi. Nagoya shahrida tashkil etilgan "O'zbekiston-Yaponiya savdo uyi" Yaponiyada o'zbek mahalliy mahsulotlarini keng targ'ib qilish, yangi eksport shartnomalarini imzolashda ko'maklashish, yangi logistika yo'nalishlarini ishlab chiqishda muhim o'rin tutishi ma'lum qilindi.

Hozirgi kunda ushbu savdo uyida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, hunarmandchilik, kulolchilik, kasanachilik, to'qimachilik mahsulotlarining ulgurji va chakana savdolari amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, mamlakatimiz elchixonasining bevosita ko'magida ushbu savdo uyida sotiladigan mahsulotlar turlarini ko'paytirish, shuningdek, qovun va uzum eksportini yo'lga qo'yish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda "O'zbekiston-Yaponiya savdo uyi"da tashkil qilingan shou-rumda mahalliy mahsulotlar taqdimotini amalga oshirish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga