O‘zbekiston Ar-Riyoddagi xalqaro aeroportga qilingan hujumni qatʼiy qoraladi

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ar-Riyod shahridagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga husiylar tomonidan amalga oshirilgan, begunoh insonlarning halok boʻlishi va tinch aholi vakillarining jarohatlanishiga olib kelgan mudhish hujumdan chuqur qaygʻuda ekanini va ushbu hujumni qatʼiy qoralashini bayon etdi.


"Halok boʻlganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga taʼziya bildiramiz, ushbu fojiali voqea oqibatida jabrlanganlarga chuqur hamdardlik izhor etamiz. Jarohat olganlarning tezroq va toʻliq sogʻayib ketishini tilaymiz. Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimizni yana bir bor tasdiqlaymiz.

Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga hujumlar xalqaro huquq normalarining jiddiy buzilishi hisoblanadi va bunday harakatlar zudlik bilan toʻxtatilishi shart. Tinch aholi hayotini himoya qilish va muhim infratuzilma obyektlari xavfsizligini taʼminlash soʻzsiz ustuvor vazifa boʻlib qolishi lozim.", — deyiladi xabarda.


Tashqi ishlar vazirligi bunday hujumlarni zudlik bilan toʻxtatishga hamda barcha tomonlarni vazminlik koʻrsatishga, keskinlikning yanada avj olishiga yoʻl qoʻymaslikka, kelishmovchiliklarni xalqaro huquq normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillariga muvofiq, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etishga chaqirdi.


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101219 | Инструменты