Senat faoliyati qonunlarda belgilangan vakolatlarni amalga oshirish bilan bir qatorda Davlat Rahbari boshchiligida mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantrish, joylarda aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarga yechim topish kabi yo‘nalishlarga qaratildi.
O‘tgan davrda Senatning 6 ta yalpi majlisi o‘tkazilib ularda davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga doir 50 dan ortiq masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, 41 ta qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlislarda vazirlik, idoralar faoliyati yuzasidan 4 ta eshituv o‘tkazildi. Ular faoliyatining turli yo‘nalishlariga oid jami 40 ga yaqin muammoli masala, kamchiliklar qayd etilib, 60 dan ziyod aniq topshiriq, tavsiya va ko‘rsatmalar belgilandi.
Madaniy meros agentligiga muzeylar faoliyatini yaxshilash masalalariga oid 1 ta parlament so‘rovi yuborildi. Unda muzeylar faoliyati, xususan muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlashga doir 12 ta yo‘nalishdagi aniq masalalar ko‘rsatib o‘tildi.
Senat qo‘mitalari tomonidan 34 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Xususan, qonunlarning hududlar va tegishli sohalardagi ijrosi hamda aholini qiynayotgan dolzarb masalalar yuzasidan 30 ta o‘rganish o‘tkazildi.
O‘tgan davrda xalqaro aloqalar yo‘nalishida parlament diplomatiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan amaliy muloqot izchil davom ettirildi. Senat rahbariyati va a’zolarining xorijiy davlatlarga 40 dan ortiq tashriflari amalga oshirildi.
Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya tuzilmalari vakillari bilan 97 ta uchrashuv, jumladan video va telefon orqali muloqotlar o‘tkazildi.
Markaziy Osiyo parlamentlararo forumi (Qozog‘iston), Rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha BMT konferensiyasi (Qatar), Neva xalqaro ekologiya kongressi (Rossiya), Xalqaro mehnat konferensiyasi (Shveytsariya), Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti (Qozog‘iston), shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi (Bahrayn), MDH Parlament Assambleyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi tuzilmalar yig‘ilishlarida amaliy takliflar bilan ishtirok etildi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatiga ko‘maklashish va ular bilan hamkorlikni kuchaytirish ishlari ham izchil davom ettirildi. Birinchi navbatda mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga e’tibor qaratildi.
Xususan, Adliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Mahalliy vakillik organlari to‘g‘risida”gi hamda “Mahalliy ijroiya hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun loyihalari bo‘yicha takliflar shakllantirildi.
Senat Kengashi qarori bilan mahalliy Kengashlarning namunaviy reglamentiga deputatlarni daxlsizlikdan mahrum etishning aniq mexanizmlarini belgilovchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini raqamlashtirish maqsadida “E-kengash.gov.uz” elektron platformasi sinov tariqasida ishga tushirildi.
Senat qo‘mitalarining hududlardagi barcha nazorat-tahlil tadbirlari tegishli mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Senatorlarning faoliyati davomida xalq bilan muloqot ustuvorlik kasb etdi.
O‘tgan davrda Senatga jami 6 720 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 3,2 mingtasi (48 foiz) tegishliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborildi. 2,1 mingta (31 foiz) murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. 389 ta murojaat (ijtimoiy yordam, ish bilan ta’minlash, aliment undirish va h.k.) senatorlarning bevosita sa’y-harakatlari bilan ijobiy hal etildi. Senat Raisining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali kelgan 367 ta murojaatning 60 tasi ijobiy hal qilindi, 270 tasi bo‘yicha har tomonlama asoslangan huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan 37 tasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, hisobot davrida 2,2 mingga yaqin fuqaro bevosita Senatning o‘zida qabul qilinib, ular tomonidan ko‘tarilgan muammolarni mutasaddilar (sud, prokuratura, MIB, IIB, SSV, Bandlik, Kadastr, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va h.k.) ishtirokida hal etish choralari ko‘rildi. Senatorlarning har oyda hududlarga xizmat safari doirasida fuqarolarning qabul qilish, shu jumladan Senatga yo‘llangan murojaatlar mualliflari bilan uchrashib, ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur amaliyot doirasida 2,7 mingdan ziyod murojaat (ijtimoiy himoya, bandlik, kredit va h.k.) alohida nazoratga olinib, hal qilish choralari ko‘rildi.
Senat Raisining hududlarga tashrifi davomida aholi va tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan 100 dan ziyod masalalarni hal qilish choralari ko‘rildi.
Joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning ayrimlari Senat yalpi majlislari muhokamasiga ham olib chiqilib, mutasaddi vazirlik, idoralar e’tiboriga havola etildi va hal etilishi nazoratga olindi.
Mamlakatda kechayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy asosda ishlovchi senatorlar har oy 5–7 kun davomida bevosita hududlarda ish olib bormoqdalar.
Konstitutsiya bo‘yicha referendum doirasida barcha hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Xususan, Senat Raisi 14 ta hududning barchasida bo‘lib, 140 ga yaqin obyektlarda (tibbiyot, ta’lim, tadbirkorlik, kasbga tayyorlash markazlari, MFY va h.k.) ochiq muloqot va uchrashuvlar o‘tkazdi. Umumiy hisobda senatorlar mazkur siyosiy jarayonda jami 125 ta tuman, shaharlarda 470 ga yaqin tadbirlar o‘tkazdilar. Ularda 155 mingdan ortiq aholi bevosita qamrab olindi.
O‘tgan davrda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash Senat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xususan, faoliyatining barcha yo‘nalishlariga doir ma’lumotlar, jumladan senatorlarning hududlardagi faoliyati OAVda keng yoritib kelinmoqda.
Senat yalpi majlislari YouTube videoplatformasi orqali muntazam ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.
Xususan, Konstitutsiyaviy islohotlar mazmuni va ahamiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot-tushuntirish ishlarida faol qatnashilib, teleradiokanallar, bosma va internet nashrlarda munosabatlar bildirildi. Jumaladan, hisobot davrida Senat Raisi va senatorlar tomonidan OAVda jami 800 dan ortiq chiqishlar qilindi (TV – 256 ta, bosma nashrlarda – 147, Internet – 413).
Senatning yangi ko‘rinishdagi rasmiy veb-sayti (https://senat.uz/) ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi. Unda xalq bilan muloqot, fuqarolarning senatorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat yo‘llash imkoniyati kabi bir qator interaktiv xizmatlar kiritildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62809 | Инструменты