Joriy yilning 30-iyulida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti (STMI) o‘rtasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Kengashning tashkil etilishi joriy yilning 18-19-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining muhim mexanizmiga aylanadi.
Kengash tegishli ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali mamlakatlar o‘rtasidagi ekspertlar muloqotiga muntazam va mazmunli xarakter berishga mo‘ljallangan.
Ushbu mexanizm doirasida savdo-iqtisodiy, sanoat, texnologik va madaniy-gumanitar hamkorlikning holatini tahlil qilish va o‘sishning yangi nuqtalarini izlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Bundan tashqari, ekspertlar ikki davlat rahbarlarining mintaqadagi barcha mamlakatlar iqtisodiyotining rivojlanishiga multiplikativ ta’sir ko‘rsatuvchi tashabbuslarini, jumladan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, Qambarota GES-1 qurilishi kontekstida suv-energetika o‘zaro hamkorligi sohasidagi tashabbuslarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 2024-yil oxirigacha qo‘shma konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va o‘zaro manfaatli mavzular bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты