Prezident: O‘tgan 7 yilda Farg'ona viloyatida katta o‘zgarishlar bo‘ldi

Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Davlat rahbari kecha viloyatda yangi korxonalarni boshqarayotgan tadbirkorlar, zamonaviy texnologiyalarda ishlayotgan yoshlarimiz, chiroyli uy-joy massivlariga ko‘chib o‘tgan odamlarni ko‘rib, mamnun bo‘lganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, dunyodagi hozirgi o‘ta murakkab sharoitda yangi yo‘l ochish, investitsiya olib kelish o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani qayd etildi.

Farg‘ona aholisi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan viloyat aholisi 2030-yilga borib 5 millionga yetadi. Bu – Farg‘ona viloyatini o‘zida yiliga 100 ta yangi bog‘cha, 40 ta maktab, 20 mingta xonadon va 500 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish kerak, degani.

Bu esa viloyat hokimi, uning 8 ta o‘rinbosari, 19 ta shahar-tuman hokimi oldiga katta vazifalar qo‘yib, ulardan qattiq masʼuliyat talab etishi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘tgan yetti yilda viloyatda katta o‘zgarishlar bo‘ldi.

Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra o‘sdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo bo‘ldi. Farg‘ona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi.

Bugungi kunga kelib, viloyatda yangi korxona ochaman, kengaytiraman, innovatsion loyiham bor, yuzlab, minglab odamni ishli qilmoqchiman, degan tadbirkor ko‘paydi.

Shu bilan birga, agar viloyat rahbariyati yangicha tizim qilib, tadbirkorlar bilan ko‘proq shug‘ullanganida edi, Farg‘onada 2-3 karra ko‘p natijaga erishish mumkin bo‘lar edi, dedi davlat rahbari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42320 | Инструменты