Prezident Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining yangi binosini borib koʻrdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar oʻtish yoʻlagini barpo etish ishlarini koʻzdan kechirdi.

Qurilish maydoni 40 ming kvadrat metrdan iborat bo‘lgan, qiymati 100 million dollarlik mazkur avtoturargohda birinchi bosqichda 200 ta yengil avtomobil hamda 30 ta mototsikl va skuterlarni joylashtirish imkoniyati bo‘ladi. To‘rt tomonlama qulay va xavfsiz harakatlanish uchun piyodalar yo‘lagi quriladi.

Bu yerda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, velosipedlar ijarasi nuqtalari tashkil qilinib, elektromobillarni zaryadlash uchun stansiyalar ham barpo etiladi. Mazkur avtoturargohni 2026-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz bu kabi zamonaviy avtoturargohlarni ko‘paytirish, ular aholi uchun maksimal darajada qulay bo‘lishini ta’minlash, kelgusida elektromobillar ulushi ortishini hisobga olib, ularni quvvatlash infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.   

Yangi Toshkentda vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun maʼmuriy binolar qurilmoqda.

Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining modul turdagi yangi binosi barpo etilgan.

1,4 gektar yer maydonda umumiy maydoni 5751 kvadrat metrni tashkil etuvchi 5 ta bir qavatli yengil metall konstruksiyali, bazalt qoplamali sendvich panellardan iborat binolar qurildi.

Mazkur bino vazirlikning markaziy apparati hamda tizimdagi tashkilotlarni bir makonda joylashtirish imkonini berib, muassasalar oʻrtasidagi hamkorlik va ish jarayonlarining samaradorligini oshiradi.

Yengil konstruksiyalar va energiya samarador sendvich panellar, mustaqil oqova tizimi, samarali markazlashgan isitish, sovitish va shamollatish tizimi ushbu binoning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish, kelgusida uni kengaytirish yoki demontaj qilish imkonini beradi hamda tez moslashuvchanligini taʼminlaydi.

Bugungi kunda yangi binoda vazirlik markaziy apparati va tizimdagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi jami 550 nafar xodim ishlamoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi ham shu binoda joylashgan.

Hozirda markaz tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizida bir qator platformalar ishga tushirilgan.

Davlatimiz rahbariga platformalar faoliyati haqida maʼlumot berildi.

Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi davlat shaharsozlik kadastri” geografik axborot tizimida shahar va tumanlar hududlariga oid barcha ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar yagona raqamli bazaga jamlandi. Geoportal orqali aholi punktlarining 3D formatdagi “raqamli egizaklari” yaratildi, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari belgilab olindi hamda hududlarni kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratildi.

Bosh rejalarni ishlab chiqish va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish, shuningdek, ular asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari toʻliq raqamlashtirildi.

Bugungi kunga qadar 20 ta shahar, 22 ta shaharcha, 843 ta tuman aholi punktlarining raqamli bosh rejalari ishlab chiqilib geoportalga joylashtirildi.

“Reyting” elektron platformasida qurilish-pudrat tashkilotlari faoliyatini baholash avtomatlashtirildi. “Tender” elektron platformasi vazirlik va idoralarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilindi. “Qurilish sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish” elektron platformasining yangi versiyasi ishlab chiqilib, qurilish sohasidagi barcha 9 ta xizmat qamrab olindi.

“Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish”, “Qurilishda davlat nazorati”, “Mening uyim”, “Mening hududim”, “Issiqlik taʼminoti billing tizimi” kabi qator platformalar ham faoliyat yuritmoqda.

Tizimni yanada takomillashtirish, shaffoflashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Kechagi bilim bilan bugun katta natijalarga erishish qiyin. Buning uchun har kuni izlanish, aniq fanlar, xususan, axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rganish kerak, bu qurilish sohasida ham juda muhim, – dedi Prezidentimiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 123017 | Инструменты