Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev: Jahon iqtisodiyotining o‘sish surʼatlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi

Davlat rahbari forum ishtirokchilarini samimiy qutlab, yildan-yilga yaxshi anʼanaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qitʼalaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlar jam bo‘layotganini taʼkidladi.

O‘tgan uch yil davomida mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Bugungi tadbirda 93 ta davlatdan ikki yarim mingdan ortiq xorijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Bu o‘z navbatida, O'zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.

Dunyo tartibotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechmoqda. Tovar va xizmatlarni yetkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar, xalqaro savdoning pasayishi, investitsiya oqimlarining kamayishi, iqlim ofatlarining kuchayishi – vaziyat naqadar beqaror va zaif ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Jahon iqtisodiyotining o‘sish surʼatlari so‘nggi uch yil davomida pasaymoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar ham kutilgan umidlarni oqlamayapti.

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, - dedi Prezident.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga