Senatning yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, sud faoliyati va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga keng imkon berdi. Islohotlar natijasida sud hokimiyatining ochiqligi ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.
Jumladan, aholi bilan ochiq muloqotlar yo‘lga qo‘yildi, sayyor sud majlislarining ko‘lami oshirildi, sudlarning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqildi.
Ochiq sud majlislarida barcha fuqarolarga hech qanday to‘siqlarsiz ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi. Sud qarorlari hech kimdan sir tutilmasdan onlayn tarzda eʼlon qilinmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish qonun hujjatlari qonun hujjatlari bilan mustahkamlangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 31-moddasida har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega ekanligi mustahkamlandi. Shuningdek, shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish huquqiga egaligi Konstitutsiya darajasida eʼtirof etilgan.
Qayd etish lozimki, yopiq sud majlislarini o‘tkazishga oid ham qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularni o‘tkazish tartibi va muddatlari aniq belgilandi.
Qonun huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, unda Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga yopiq sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik bo‘yicha sud muhokamasi ishtirokchilariga tegishli majburiyat yuklash va buni buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksi 239-moddasining nomi surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisi maʼlumotlarini oshkor qilish deb to‘ldirilib, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning yoki sudning ruxsatisiz surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud maʼlumotlarini oshkor qilmaslik to‘g‘risida majburiyat yuklatilgan shaxs tomonidan oshkor qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi modda bilan, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslari, shuningdek, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning “Sud majlisi”ga oid moddalari yangi qism bilan to‘ldirilib, ishni yopiq sud majlisida ko‘rilganida sud majlisida ishtirok etayotgan shaxslar sud muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirilib, ulardan tilxat olinishi va tilxatda mazkur majburiyatni buzganlik uchun Jinoyat kodeksining 239-moddasiga binoan javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettirilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi sud protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlari yana-da kuchaytirilishiga, sud muhokamasi ishtirokchilarining shaxsiy hayoti haqidagi maʼlumotlar oshkor etilishining oldi olinishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53012 | Инструменты