Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov “Chirchiq” texnoparkining faoliyati va infratuzilmasi bilan tanishdi.
Nufuzli mehmon ishlab chiqarish maydonlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, texnopark rezidenti bo‘lgan kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, istiqbolli loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hozirgi kunda texnoparkda 27 ta rezident-kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning umumiy investitsiya hajmi 147 million AQSh dollarini tashkil etadi. 19 ta korxona allaqachon ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
2024-yilda texnopark rezidentlari qiymati 16,7 million AQSH dollarilik turli mahsulotlarni ishlab chiqarib, uning 52 foizini eksport qilishgan. 2025-yil boshidan ishlab chiqarish hajmi 7 million dollarni tashkil etdi.
2022-yilda ochilgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki O‘zbekiston kimyo sanoatining asosiy tarkibiy qismlaridan biriga aylangan va mintaqaning kimyo-sanoat sohasida o‘z o‘rnini mustahkamlab, faol rivojlanishda davom etmoqda.
Nufuzli mehmonga tashrif mobaynida O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov hamrohlik qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42815 | Инструменты