Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” bo'lib o'tdi.
“Hukumat soati”da deputatlar “Mamlakatimizda energetik barqarorlikni ta’minlash va energetika sohasini qish mavsumiga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida”gi masalani muhokama qildi. Deputatlarning savollariga Energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov javob berdi.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda O'zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirishning “drayveri” bo‘lgan energetika sohasiga strategik yo‘nalish sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada elektr energiyasi samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilyapti.
Xususan, iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga joriy etish maqsadida 2022-yilda umumiy qiymati 700 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 1 374 megavatt bo‘lgan 6 ta issiqlik va 100 megavatt quvvatli 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Bugungi kunda ijtimoiy soha obyektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida hududlarda 831 km magistral, 29 562 km taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari, 8 ta magistral podstansiyadagi transformatorlar hamda 10 158 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi, 961 km past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 228 ta transformator punkti yangilandi. Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahridagi podstansiyalarning quvvati 400 MVtga oshirildi.
Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida qish davri uchun 258 ta har xil quvvatli transformatorlar, 70 tonna sim, 80 km kabel va 490 tadan ortiq muftalardan iborat avariyaviy zaxira yaratildi.
Jo'rabek Mirzamahmudov qayd etishicha, jahondagi sodir bo‘layotgan energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi va iqlimning o‘zgarishi fonida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish dolzarb masalaga aylandi. Shundan kelib chiqib, O'zbekistonda ushbu sohada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini qurish bo‘yicha 21 ta elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha bitimlar, 5 ta o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish shartnomasi, 2 ta asosiy shartlarni belgilovchi kelishuv va 13 ta anglashuv memorandumi imzolandi.
Vazirning axborotiga ko‘ra, joriy yilda umumiy quvvati 2 817 MVt bo‘lgan 8 ta loyiha doirasida dastlabki 1 517 MVt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. Jumladan, Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 897 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh elektr stansiyasini hamda Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.
"O'rganishlarimiz davomida ayrim hududlardagi xodimlarimizning ishga layoqatsizligi sezildi. Hozirda aniqlangan holat bo'yicha huquq-tartibot organlari ish olib bormoqda. Aybdor xodimlar ishdan chetlatilmoqda.
Endilikda, mavjud muammolarning oldini olish maqsadida qo'shimcha transport vostalari bilan ta'minlandi. Yana hududlarning holatidan kelib chiqib, qo'shimcha vositalar bilan ta'minlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, gaz ballonlariga alohida QR-kodlar orqali ID-raqamlar o'rnatilmoqda. Ya'ni bu orqali jarayonni raqamlashtirib inson omilini kamaytirish ko'zda tutilgan
Aytilgan hududlarga kamroq yetkazilganining sababi yoz oylarida iste'molning kamayganidandir. Hozirda esa buning hajmi va miqdori oshirilgan.
“Bugun barchamizni o‘ylantirayotgan savol, qo‘rquvga solayotgan desak ham bo‘ladi, agar o‘tgan yilgidek anomal sovuq kelsa, elektr energiya va gaz ta’minotida uzilish holatlariga duch kelmaymizmi?”, deya berilgan savolga vazir quyidagicha javob qaytardi:
"O'tgan yili noyabr oyida generatsiya quvvatini hisobga olgan holda, kunlik cheklov kiritilgan edi. Poytaxtdagi muammolar tahlil qilinganida tabiiy gazning bosimi tushib ketishi, ya'ni istish uchun elektr-energiya ko`p sarflandi. Natijada yuklamani ko'tarolmasdan transformatorlar, simlar yonib ketdi. Podstansiyalarda avariyalar yuzaga keldi. Shuningdek, isistish stansiyalarida gaz bosimi tushib ketdi. Shu sababli sanoat tarmog'idan alohida gaz quvuri tortib kelindi. Ushbu qozonxonalar mazut yoqib issiqlikni ushlab turishga moslashtirildi. 8 ta yirik podstansiyalardan yarimining ishi hali yakunlamaganligini va kamchiliklarni o'zimiz joylarga chiqib ma'sullar bilan o'rganib chiqdik, chora-tadbirlar ko'rdik va ularni sifatli yakunlash bo'yicha muddat belgilab oldik. Poytaxtdagi elektr ta'minotini yaxshilash uchun 14 trillion so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi. Mablag‘lar davlat budjeti mablag‘lari, mahalliy hokimliklar mablag‘lari va kredit resurslaridan iborat bo‘ldi", - deya ta'kidladi vazir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41602 | Инструменты