Huawei 1
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yozef Sikela O‘zbekistonga keladi

12−18-mart kunlari Yevropaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo sammiti arafasida sheriklikni mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyoning beshta davlatiga tashrif buyuradi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi “UzReport.news”ga ma’lum qildi.

Yevropa komissari tashrifining maqsadlaridan biri ish o‘rinlarini ko‘paytirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga qaratilgan Yevropa Ittifoqining Global Gateway investitsiya strategiyasi ko‘lamini kengaytirishdan iborat.

“Markaziy Osiyo Yevropa Ittifoqining muhim hamkori bo‘lib, bu kelajak uchun ulkan salohiyatlarni ro‘yobga chiqaradi, — dedi komissar Yozef Sikela. — Hozirgi global muammolar mustahkam sheriklik zarurligini har qachongidan ham ko‘proq ta’kidlamoqda va men o‘z missiyam davomida aynan shuni mustahkamlamoqchiman”.

Komissarning qo‘shimcha qilishicha, missiya davomida asosiy e’tibor Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyodagi hamkorlar sifatli ish o‘rinlarini yaratish, biznes uchun yangi imkoniyatlar ochish va ta’limdan tortib zamonaviy infratuzilmagacha bo‘lgan asosiy xizmatlarni yaxshilash uchun birgalikda ilgari surayotgan Global Gateway`ning asosiy loyihalariga qaratiladi.

Komissarning tashrifi Global Gateway`ning Markaziy Osiyodagi asosiy ustuvor yo‘nalishlariga qaratiladi:

  • transport, transportda tashish vaqtini qisqartirish va savdoni rag‘batlantirish uchun Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish;
  • ilg‘or tajribani ilgari surish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy barqarorlikni oshirish uchun muhim xomashyo;
  • raqamli o‘zaro bog‘liqlik — raqamli uzilishni bartaraf etish va xavfsiz, yuqori tezlikdagi internetdan foydalanishni kengaytirish;
  • suv resurslari, energetika va iqlim sohasi, jumladan, ishonchli, arzon va toza energiyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun barqaror infratuzilma qurilishini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy loyiha.

Tashrif davomida komissar ushbu sohalarga oid bir qator hujjatlarni imzolaydi.

Komissarning mintaqaviy safari Turkmanistondan boshlanadi, u yerda hukumat rahbarlari, shuningdek, xususiy sektor vakillari bilan uchrashadi. Shuningdek, komissar Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha strategik nuqta — Turkmanboshi portiga tashrif buyuradi.

Qozog‘istonda komissar hukumat a’zolari bilan uchrashadi, transport va muhim xomashyo sohasida ikki tomonlama va mintaqaviy bitimlarni imzolash marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi biznes vakillari bilan uchrashuv rejalashtirilgan.

Tojikistonda komissar hukumat rahbarlari bilan bir nechta uchrashuvlarda ishtirok etadi. Shundan so‘ng “yashil” energetikaga o‘tish va mahalliy paxta qiymatini yaratish zanjirini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim loyihalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, u Rog‘un gidroelektrostansiyasiga tashrif buyuradi.

Qirg‘izistonda komissar hukumat a’zolari bilan uchrashib, suv, energetika, transport va inson salohiyatini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni imzolash marosimida ishtirok etadi. Shuningdek, u Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatga sarmoya kiritish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Qambarota GES-1 qurilishini potensial qo‘llab-quvvatlash mavzulardan biri bo‘ladi. Bundan tashqari, komissar yoshlar va BMT vakillari bilan uchrashadi.

Yevrokomissarning turnesi O‘zbekistonda yakunlanadi. Bu yerda u hukumatning yuqori martabali vakillari bilan uchrashadi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyuradi, shuningdek, o‘zbekistonlik va yevropalik tadbirkorlar bilan fikr almashadi. Ertasi kuni Sikela raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni imzolash marosimida qatnashadi.

Xabarda aytilishicha, tashrif Team Europe ruhida bo‘lib o‘tadi: missiyaning turli qismlarida Yevropa Ittifoqi moliya institutlari, Yevropa investitsiya banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, shuningdek, Yevropa Ittifoqining xususiy sektori hamda mintaqada joylashgan a’zo davlatlar ishtirok etadi.

“Aprel oyi boshida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo tarixidagi birinchi sammit, shuningdek, iyun oyida o‘tadigan Global Gateway forumi Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning uzoq muddatli ta’sirni ta’minlashga sodiqligini yanada mustahkamlaydi”, — deyiladi xabarda.

Global Gateway — Yevropa Ittifoqining global investitsiyaviy tengsizlikni qisqartirish va raqamli, energetika va transport sohalarida intellektual hamda xavfsiz aloqalarni rag‘batlantirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim, tadqiqot tizimlarini mustahkamlash strategiyasidir.

Strategiyani amalga oshirish uchun Yevropa Ittifoqi, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va Yevropa taraqqiyotni moliyalashtirish institutlarini birlashtirgan Team Europe yondashuvidan foydalaniladi. Yevropa jamoasi 2021-yildan 2027-yilgacha 300 milliard yevrogacha davlat va xususiy investitsiyalarni safarbar etishni maqsad qilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82706 | Инструменты