Huawei 1
1-7-may kunlari qadimiy va betakror Surxondaryo zaminida "Boysun bahori" xalqaro folklor festivali bo'lib o'tadi

Joriy yilning 1-7-may kunlari Boysun tumani "Bibishirin" mahallasida joylashgan turizm majmuasida ikki yilda bir marotaba bo'lib o'tadigan "Boysun bahori" xalqaro folklor festivali o'tkaziladi. Ayni vaqtda dunyo turistlarini o'z bag'riga chorlayotgan ko'hna Boysunda xalqaro festivalga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. 

Qayd etilishicha, festivalning birinchi kunida Termiz shahrida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tadi. Xalq amaliy san'ati festivali dasturidan, shuningdek, milliy taomlar va hunarmandchilik buyumlari ko'rgazmasi, viloyat folklor jamoalarining konsert dasturlari, havo sharlarini uchirish, dronlar shousi ham o'rin olgan.

"Yurtimiz azaldan o'zining betakror milliy san'ati, qadriyat va an'analari bilan mashhur. Xalqimiz asrlar davomida saqlab kelayotgan bunyodkorlik va san'at namunalarini yanada keng targ'ib etish, dunyo xalqlarining ular bilan yaqindan tanishishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Shu tariqa, uni yanada jozibali qilish, mahalliy aholi va xorijlik mehmonlarga bayramona kayfiyat ulashish, shuningdek, vohaning turizm salohiyatini oshirish maqsadida mazkur xalqaro festivalni o'tkazishni rejalashtirganmiz, – deya Surxondaryo viloyati hokimi o'rinbosari, viloyat turizm boshqarmasi boshlig'i Jo'rabek To'rayev fikrlaridan iqtibos keltirgan manba.

Festival dasturidan, shuningdek, tog'li hududdagi Xo'jamayxona ziyoratgohi yo'llari bo'ylab velomarafon o'tkazish, Omonxonaning shifobaxsh bulog'i, Xo'ja Sulton Valiy, Qamari Aziz, Xo'jaqo'chqor ota ziyoratgohlari, Zovboshi va Qizil kanyon dam olish maskanlari hamda viloyatning boshqa arxeologik va tarixiy yodgorliklari kabi turistik maskanlariga sayohatlar tashkil etish rejalashtirilgan.

"Hozirgi kunga qadar xalqaro tanlovda Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston kabi davlatlarning taniqli folklor ansambllari ishtirok etish istagini bildirgan", – deya ta'kidlangan maqolada.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51004 | Инструменты