Huawei 1
1-iyundan xalqaro IT-sertifikatlarini olishga ketgan xarajatning 50 foizini qoplab berish tartibi qanday bo'lishi aytildi

Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha qismi qoplab berilishi ma'lum qilinmoqda. Ma'lum bo'lishicha, bu haqda “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (310-son, 19.05.2021-y.) qabul qilingan. 

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-iyundan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 %ini qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Qaror bilan Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yoshlarni oʻqishi hamda ularning xalqaro IT-sertifikatlarni olishi uchun sarf qilgan xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan. 

Unga koʻra, talabgorlar bu yuzadan “Oʻzbekistonning IT-isteʼdodlari” portalida elektron ariza berib bepul roʻyxatdan oʻtadi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (Ishchi organ) talabgorning arizasini zarur hujjatlari bilan birga 5 ish kunida koʻrib chiqadi hamda taqdim qilingan xalqaro IT-sertifikatni verifikatsiyadan oʻtkazadi.

Muqaddam xalqaro IT-sertifikatlarning bir turi boʻyicha xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplangan talabgor xalqaro IT-sertifikatlarning boshqa turi boʻyicha minimal koʻrsatkich yoki undan yuqori natija qayd etsa, unga xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi toʻlab beriladi.

16 yoshga toʻlmagan fuqarolarning xalqaro IT-sertifikat olish xarajatining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplab berilishini soʻrab ushbu fuqarolarning qonuniy vakillari murojaat qilishlari mumkin.

Ishchi organ talabgor hujjatlarini umumlashtirib, moliyalashtirish yuzasidan takliflarni 5 ish kuni ichida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (vakolatli organ)ga kiritadi.

Shuningdek, Xalqaro IT-sertifikatga ega boʻlmasdan turib talabgorning xalqaro IT-sertifikati olish uchun oʻquv kursiga toʻlagan xarajatlari qoplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ishchi organ tomonidan kiritilgan takliflar vakolatli organ tomonidan 3 ish kuni ichida kelishiladi. Shunga koʻra, ishchi organ tomonidan 3 ish kuni mobaynida xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun tegishli pul summasini talabgor tomonidan koʻrsatilgan tegishli hisobvaraqqa oʻtkazib berilishi ma'lum qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71006 | Инструменты