Huawei 1
2 sentyabrdan avtomobillarni Pskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi

2025 yil 2 sentyabrdan avtomobillarni Pskent sinov majmuasida sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi maʼlum qildi. Qayd etilishicha, ushbu tartib isteʼmolchilar manfaatlarini taʼminlash va sifat kafolatiga ega bo‘lmagan avtomobillarni respublikamizga olib kirilishini hamda jamoat yo‘llarda baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, 2024 yilning 1 noyabridan boshlab amalda bo‘lgan.

Bunga respublikamizga texnik reglamentga muvofiq transport turi maʼqullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani, ularning sinovlari birma-bir o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

Yurtimizda 2024 yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan va ular atiga 15 ta avtomodel uchun turini maʼqullash hujjatini olgan edi.

Hozirgi kunda esa, 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini maʼqullash hujjatlari rasmiylashtirildi.

Buning natijasida, isteʼmolchilarga sifati va xavfsizligi taʼminlangan hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirildi.  Isteʼmolchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Respublikamizda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshgani hamda isteʼmolchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganini inobatga olib, 2025 yil 2 sentyabrdan avtomobillarni Pskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi.

Maʼlumot o‘rnida, yurtimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini taʼminlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, isteʼmolchilardan eʼtirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi taʼminlanadi.

O‘z o‘rnida yurdoshlarimizga avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirishlari tavsiya etiladi, deyiladi Agentlik bayonotida.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90218 | Инструменты